Talabalar uchun har oylik stipendiya toʻlanadigan oʻquv kurslari tashkil etiladi
Ushbu oʻquv kurslariga qabul qilingan respublika hududlaridagi talabalarining oʻqishini mos va turdosh yoʻnalishlarda Toshkent shahrida joylashgan davlat OTMlariga akademik mobillik asosida bir yil muddatga koʻchiriladi.
Vazirlar Mahkamasining “Mirzo Ulugʻbek vorislari” tayyorlov oʻquv kurslarini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori (19.05.2023 206-son) qabul qilindi.
Oʻquv kurslari quyidagi yoʻnalishlarda tashkil etiladi:
- axborot texnologiyalaridan va kommunikatsiyalaridan foydalanish (boshlangʻich);
- matematik statistika;
- algoritmlash asoslari;
- maʼlumotlarni qayta ishlash;
- dasturlash tillari (Phthon);
- ingliz tili;
- qaror qabul qilish asoslari.
Oʻquv kurslari jamoa boʻlib ishlash va boshqa yoʻnalishlar boʻyicha ham tashkil etilishi mumkin.
Birinchi oʻquv yilida kamida 60 nafar tinglovchi qabul qilinadi, keyingi yillarda tinglovchilar soni ehtiyojdan kelib chiqib, oshirib boriladi.
Taʼlim olish 34 hafta muddat davomida “Blending learning — aralash taʼlim texnologiyasi” asosidagi oʻquv dasturiga muvofiq tashkil etiladi.
Ushbu kurslarda oʻqish uchun tanlovning birinchi yilida respublika davlat OTMlarining bakalavriat bosqichida (barcha taʼlim shakli boʻyicha) 2-kursni muvaffaqiyatli tamomlagan (akademik qarzdorligi boʻlmagan) talabalari ishtirok etishlari mumkin.
Ushbu oʻquv kurslariga qabul qilingan respublika hududlaridagi talabalarining oʻqishini mos va turdosh yoʻnalishlarda Toshkent shahrida joylashgan davlat OTMlariga akademik mobillik asosida bir yil muddatga koʻchiriladi.
Oʻquv kurslariga qabul qilingan talabalar(tinglovchilar):
- Uushbu oʻquv kurslarida oʻqishi davomida BHMning toʻrt baravari (1 mln 320 ming soʻm) miqdorida har oyda bir marotaba ragʻbatlantirib boriladi;
- Turar joy bilan taʼminlanadi yoki asosiy oʻqish joyi boʻlgan hududlardagi davlat OTMlari tomonidan belgilangan tartibda ijara toʻlovlarining bir qismi qoplab beriladi;
- Oʻqishi davomida bir mahal issiq ovqat bilan taʼminlanadi;
- taʼlim olish muddatiga zarur kompyuter jihozlari (noutbuk va boshqalar) taqdim etiladi;
- IT-park rezidentlari boʻlgan tashkilotlarda amaliyotlarda qatnashishi taʼminlanadi;
- Oʻquv kurslarini muvaffaqiyatli tamomlagan tinglovchilarga Isteʼdodli yoshlarni qoʻllab-quvvatlash “Ulugʻbek” jamgʻarmasi va Toshkent shahridagi Inxa universiteti tomonidan tasdiqlanadigan tegishli yoʻnalishi boʻyicha davlat namunasidagi sertifikat beriladi.
Ushbu o‘quv kurslariga tanlov jarayonlari shartlari:
Tanlovning birinchi yilida davlat OTMlarining bakalavriat bosqichida (barcha ta’lim shakli bo‘yicha) 2-kursni muvaffaqiyatli tamomlagan (akademik qarzdorligi bo‘lmagan) talabalari ishtirok etadi.
O‘quv kurslariga iqtidorli tinglovchilarni qabul qilish jarayoni har yili iyun-avgust oylarida quyidagi uch bosqichda amalga oshiriladi:
1- bosqich – onlayn ariza va IQ test (onlayn test) topshirish. (100 ballik tizimda baholanadi)
Nomzodlar tanlovda ishtirok etish uchun onlayn arizani Iste’dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash “Ulug‘bek” jamg‘armasining dscience.uz veb-sayti orqali to‘ldiradi.
Jami 300 nafar eng yuqori ball to‘plagan nomzodlar 2-bosqichga o‘tkaziladi.
2-bosqich – imtihon. Bunda quyidagi mezonlar asosida 100 ballik tizim bo‘yicha baholanadi:
- axborot-kommunikasiya texnologiyalaridan foydalanish (boshlang‘ich);
- algoritmlash va dasturlashtirish asoslari;
- mantiqiy savol va masalalar;
- matematikadan mantiqiy masalalar;
- matematik statistika masalalarini yechish;
- algebradan misollar yechish;
- tenglamalar yechish;
- kompleks sonlar va ular ustida amallar.
120 nafar eng yuqori natija ko‘rsatgan nomzodlar 3-bosqichda ishtirok etishga tavsiya etiladi.
3-bosqich – suhbat. (100 ballik tizimda baholanadi)
Suhbatda quyidagi mezonlardan kelib chiqqan holda savollar beriladi:
respublikada raqamlashtirish sohasida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarning mazmun-mohiyati va ahamiyatini tushunish (elektron hukumat, raqamli iqtisodiyot, raqamli ta’lim, telekommunikasiya va boshqa sohalardagi islohotlar haqida tasavvur va fikrlash qobiliyatining mavjudligi.
Tanlovning uchinchi bosqichi g‘oliblari to‘g‘risida ma’lumot tashkilotchilar tomonidan o‘n ish kuni ichida e’lon qilinadi.
Sizning munosabatingiz qanday?