Talabalar o‘qishini ko‘chirish: muhim 5 savolga 5 javob

O‘zaro mos bo‘lmagan yo‘nalishlar bo‘yicha o‘qishni ko‘chirish mumkinmi? Arizalar qachondan va kimga beriladi? Kimlar grant asosida o‘qishni ko‘chiradi? Xorijiy OTMdan ko‘chirish uchun imtihon bormi? Ariza qanday holatlarda rad etilishi mumkin?

Iyun 13, 2023 - 20:44
Iyun 13, 2023 - 20:52
 59  23488
Talabalar o‘qishini ko‘chirish: muhim 5 savolga 5 javob

Talabalar o‘qishini ko‘chirish kim tomonidan amalga oshiriladi?

Talabalar mos va turdosh yo‘nalishlar hamda mutaxassisliklar yoki turdosh bo‘lmagan yo‘nalishlariga va mos bo‘lmagan mutaxassisliklarga o‘qishni ko‘chirishi mumkin.

Bir OTM doirasida o‘zaro mos va turdosh yo‘nalishlar bo‘yicha o‘qishni ko‘chirish rektor buyrug‘i bilan amalga oshiriladi.

Quyidagi hollarda o‘qishini ko‘chirish OTM bo‘ysunadigan vazirlik qarori bilan amalga oshiriladi:

  • mos va turdosh yo‘nalishlar bo‘yicha bir vazirlikka qarashli boshqa OTMga (masalan, Milliy universitetdan Texnika universitetiga ko‘chirish, har ikkala universitet Oliy ta’lim, fan va innovasiyalar vazirligiga qarashli);
  • mos va turdosh yo‘nalishlar bo‘yicha turli vazirlik doirasida bir OTMdan boshqa OTMga (masalan, Adliya vazirligiga qarashli Toshkent davlat yuridik universitetidan Tashqi ishlar vazirligiga qarashli Jahon iqtisodiyoti va diplomatiyasi universitetiga).

Quyidagi hollarda o‘qishini ko‘chirish Davlat komissiyasi qarori bilan amalga oshiriladi (komissiya tarkibi bu yerda):

  • xorijiy OTMlardan O‘zbekiston OTMlariga;
  • har qanday holatda turdosh bo‘lmagan ta’lim yo‘nalishlariga va mos bo‘lmagan mutaxassisliklariga.

Arizalar qachon beriladi?

O‘qishni ko‘chirish bo‘yicha arizalar har yili 15-iyuldan 5-avgustgacha beriladi.

Arizalar har yili 5-avgustdan 30-avgustga ko‘rib chiqiladi.

Talabaning doimiy yashash manzili o‘qishini ko‘chirish bo‘yicha ariza har yili 20-dekabrdan keyingi yilning 20-yanvarigacha beriladi.

Bunda arizalar har yili 25-yanvardan 15-fevralgacha ko‘rib chiqiladi.

Arizalar kimga beriladi?

O‘qishni ko‘chirish bir OTM ichida bo‘lganida ariza shu OTMga beriladi, qolgan barcha holatlarda ariza Oliy ta’lim, fan va innovasiyalar vazirligi tomonidan tashkil qilinadigan Hududiy ishchi guruhga beriladi.

Hududiy ishchi guruhlar qabul qilingan hujjatlarni umumlashtirib, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligiga taqdim etadi.

O‘qishni ko‘chirish bepul amalga oshiriladi.

Qanday hujjatlar taqdim qilinadi?

O‘qishini ko‘chirish uchun quyidagi hujjatlar taqdim qilinadi:

  • ko‘chirishni istagan ta’lim yo‘nalishi, o‘quv tili va shakli ko‘rsatilgan holdagi ariza;
  • reyting daftarchasi yoki akademik ma’lumotnoma nusxalari;
  • pasport yoki ID nusxasi.

Ariza ko‘rib chiqilib o‘qishni ko‘chirishga ruxsat berilganda OTM rektori buyrug‘i bilan talaba darslarga qo‘yiladi hamda ushbu OTM tomonidan talaba ilgari o‘qigan OTM uning shaxsiy yig‘ma jildini jo‘natish uchun so‘rovnoma yuboriladi.

OTM 3 kunda talabaning shaxsiy yig‘ma jildi yuboriladi yoki talabaning o‘ziga beriladi.

Grant asosida o‘qishni ko‘chirish uchun faqat grantda o‘qiyotgan talabalar ariza berishi mumkin hamda ariza berilgan OTMning joriy yildagi qabul qvotasida grant o‘rinlar mavjud bo‘lishi kerak.

Ko‘zi ojizlar hamda nogironligi bo‘lgan shaxslarga ajratilgan kvotada grant asosida o‘qiyotganlar o‘qishi granti asosida ko‘chiriladi.

Xorijiy OTMdan o‘qishni O‘zbekiston OTMlariga ko‘chirmoqchi bo‘lganlar maxsus sinov (test yoki yozma ish yoki kasbiy (ijodiy) imtihon shaklida) topshiradi.

Talabaning maxsus sinov natijasi Davlat komissiyasiga beriladi. Natijadan kelib chiqib, talabaning o‘qishi Davlat komissiyasi qarori bilan kontrakt asosida ko‘chiriladi.

Ariza qanday holatlarda rad etilishi mumkin?

Quyidagi holatlarda o‘qishni ko‘chirish arizalari rad etilishi mumkin:

  • akkreditasiyaga ega bo‘lmagan xorijiy OTMda yoki ularning filiallarida o‘qiganlar;
  • mavjud ta’lim shaklidan boshqa ta’lim shaklida o‘qiganlarga;
  • OTMning markazlari, bo‘limlari, o‘quv-maslahat punktlari va boshqalarda o‘qiganlarga;
  • 1-kurs 1-semestrni tugatmasdan o‘qishni ko‘chirmoqchi bo‘lganlar;
  • OTMda mos ta’lim yo‘nalishi yoki shakli bo‘lmaganida, fanlar bo‘yicha farqlar 4 tadan oshganda;
  • kontrakt asosida o‘qiyotganlar to‘lovni o‘z muddatida to‘lamaganda;
  • talabaning shaxsiy yig‘ma jildi o‘z muddatida berilmaganida;
  • grant bilan ko‘chirish uchun bo‘sh o‘rinlar bo‘lmaganida;
  • OTM moddiy-texnika bazasi imkoniyati cheklanganda;
  • maqsadli qabul qilinganlar boshqa ta’lim yo‘nalishiga, boshqa oliy ta’lim muassasasiga ko‘rirmoqchi bo‘lganda;
  • kechki ta’limdan sirtqi ta’limga hamda kechki ta’limning bir ta’lim sohasidan ikkinchi ta’lim sohasiga;
  • sirtqi ta’limdan kunduzgi ta’limga hamda sirtqi ta’limning bir ta’lim sohasidan ikkinchi ta’lim sohasiga;
  • bir ta’lim shaklidan maxsus sirtqi ta’lim shakliga hamda maxsus sirtqi ta’lim shaklidan boshqa ta’lim shakliga;
  • talaba O‘zbekiston va xorijiy oliy ta’lim muassasalarining o‘zaro kelishuvi asosida qabul qilinib qo‘shma ta’lim dasturlari asosida tahsil olgan yoki tahsil olayotgan bo‘lsa.

Manba

Sizning munosabatingiz qanday?

like

dislike

love

funny

angry

sad

wow