Taqsimot, diplomni olish, ishga joylashish – davlat grantida o‘qigan bitiruvchilarga huquqiy tavsiyalar

Davlat granti bitiruvchilari va oliy ta’lim muassasalari bu jarayonda o‘zaro huquq va majburiyatlarga ega. Ammo, odatda, oliy ta’lim muassasalari o‘z majburiyatlarini to‘la bajarmay, bitiruvchilardan shartnoma shartlarini bajarishni talab qilishadi.

Iyun 2, 2023 - 22:42
 2  16750
Taqsimot, diplomni olish, ishga joylashish – davlat grantida o‘qigan bitiruvchilarga huquqiy tavsiyalar

Oliy ta’lim muassasalarini tamomlab, mustaqil hayotga dastlabki qadamlarini qo‘yish arafasidagi davlat granti bitiruvchilari hayolidan shu singari savollar o‘tayotgandir, ehtimol: davlat grantida o‘qigan bitiruvchilar davlatga ishlab berishi shartmi? Ishlab berish majburiyatisiz diplomni olish mumkinmi?

Davlat granti bitiruvchilari va oliy ta’lim muassasalari bu jarayonda o‘zaro huquq va majburiyatlarga ega. Ammo, odatda, oliy ta’lim muassasalari o‘z majburiyatlarini to‘la bajarmay, bitiruvchilardan shartnoma shartlarini bajarishni talab qilishadi.

Bitiruvchilar faqat davlat organlari va tashkilotlarida ishlashi kerakmi? Oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarni ishga qanday tartibda joylashtirishi kerak? Agar joylashtirmasa-chi?

Bitiruvchilar faqat davlat organlari va tashkilotlarida ishlay oladimi?

Aksariyatda bitiruvchilar faqat davlat organlari va tashkilotlarida ishlay oladi, degan qarash shakllangan bo‘lsa-da, aslida qonunchilikda bunday talab yo‘q. Xususan, Kadrlarni davlat grantlari asosida maqsadli tayyorlash tartibi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, davlat grantida o‘qigan bitiruvchilar ta’lim muassasalariga, korxona va tashkilotlarga ishga taqsimlanadi.

Ko‘rinib turgandek, ish beruvchilarning mulkchilik shakliga (xususiy yoki davlat) talab qo‘yilmagan. Nazariy jihatdan, bitiruvchi xususiy sektorda ham faoliyatini boshlashi mumkin. Ammo buning uchun xususiy sektordagi ish beruvchilar taqsimot komissiyasiga o‘zidagi bo‘sh ish o‘rinlari bo‘yicha kafolatlangan talabnoma yuborishi kerak.

Ammo bitiruvchi ishga mustaqil joylashgan bo‘lsa, u ushbu ishini davom ettirishi, bitiruvchilarni ishga taqsimlashda ishtirok etish yoki etmasligi masalalari ochiq qoldirilgan. Amaliyotda esa taqsimot komissiyalari bitiruvchi amalda ishlab turgan tashkilotga yo‘llanma yozib berish holatlari haqida gapiriladi.

Ishga joylashtirish tartibi qanday?

1. Nizomga ko‘ra, o‘quv yilining boshida talaba va oliy ta’lim muassasasi kamida uch yil ishlab berish bo‘yicha shartnoma tuzadi.

2. Bitiruvchilarni ishga taqsimlash ular oliy ta’lim muassasasini bitirishidan kamida 1 oy oldin o‘tkaziladi. Taqsimot komissiyasi tuzilib,
u o‘z ishini boshlashidan oldin bitiruvchilardan qayerda ishlashni xohlashi haqida so‘rov-anketa oladi.

Taqsimot komissiyasi bitiruvchilarni ishga taqsimlashda ularning reytingi, oilaviy sharoiti, doimiy yashash joyi va taklif etilayotgan ish joylarida ishlash istagini hisobga olishi lozim. Har bir bitiruvchini taklif qilinayotgan ish joyi, mehnat va maishiy sharoitlar, lavozimi, ish haqi miqdori to‘g‘risidagi va boshqa zarur ma’lumotlar bilan tanishtiradi.

Shuningdek, to‘lov-kontrakt asosida ta’im olgan talablar ham o‘z ixtiyori bilan taqsimot komissiyasida ishtirok etishi mumkin.

3. Taqsimot komissiyasi o‘z ishini tugatgandan keyin bitiruvchiga quyidagi hujjatlarni berishi lozim:

  • ishga yuborilayotgan har bir bitiruvchiga diplomdan ko‘chirma,
  • ishga yuborilganlik to‘g‘risidagi yo‘llanma
  • taqsimot komissiyasi qaroridan va taqsimot ro‘yxatidan ko‘chirma

Ushbu hujjatlar bitiruvchi o‘qishni bitirgan kundan so‘ng uch kundan kechiktirmay berilishi lozim.

4. Bitiruvchi ushbu yo‘llanma asosida ish beruvchi bilan mehnat shartnomasini tuzadi. Tanlov bilan ishga olinadigan lavozimlarga bitiruvchilar yo‘llanma asosida tanlovsiz qabul qilinadi.

Lekin…

Bir qarashda sodda va tushunarli, bitiruvchilarni ishga taqsimlash jarayonlari yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Ammo ishga taqsimlash jarayonlarida qator tizimli muammolar mavjud:

Birinchidan, aksar holatlarda taqsimot komissiyalari faqatgina “qog‘oz”da tuziladi. Bitiruvchilardan qayerda ishlashni xohlashi haqida so‘rov-anketa olinmaydi. Komissiyalar ularni amalda ishga taqsimlamaydi.

Ikkinchidan, ayrim holatlarda mustaqil ravishda ishga joylashgan bitiruvchilarga ularda amalda ishlab turgan tashkilotiga yo‘llanma yozib beriladi, go‘yoki ishga ular joylashtirgandek.

Uchinchidan, yo‘llanma berilgan taqdirda ham ko‘p holatda bitiruvchilar ishga tanlov va suhbatlarsiz qabul qilinmaydi. Bu holatda amalda taqsimot komissiyasi ishini yo‘qqa chiqaradi.

Bu muammolar, o‘z navbatida, tizimdan ko‘zlangan maqsadga erishish imkoniyatini bermaydi. Shu boisdan, bitiruvchilarni ishga taqsimlash mexanizmining har bir bosqichi jiddiy tahlil qilinib, mazkur tartibni saqlab qolish yoki bekor qilish masalasi ko‘rib chiqilishi kerak.

Taqsimot komissiyasi bitiruvchini ish bilan ta’minlay olmasa-chi?

Nizomga ko‘ra, agar taqsimot komissiyasi bitiruvchini ish bilan ta’minlay olmasa, unga mustaqil ishga joylashish imkoniyati berilganligi to‘g‘risida ma’lumotnoma taqdim etadi.

Aynan shu ma’lumotnoma asosida bitiruvchilar uch yil davomida ishlab berish majburiyatisiz diplomning asl nusxasini olishi mumkin.

Xususan, nizomga ko‘ra, mustaqil ishga joylashish imkoniyati berilgan bitiruvchilarga o‘qishni tugatgan kundan so‘ng uch kundan kechiktirmay bu to‘g‘risidagi ma’lumotnoma va oliy ma’lumot to‘g‘risidagi diplomning asl nusxasi beriladi.

Bitiruvchilarga maslahatlar

Ehtimol, tizim ayrim kamchiliklar bilan uni ishlab chiqishda davomida rejalashtirilgandek ishlmayotgan bo‘lishi mumkin. Ammo birituvchilarni ishga taqsimlash tizimining imkoniyatlaridan imkon qadar foydalanish uchun quyidagi tavsiyalarga amal qiling:

  1. O‘qishni tamomlashingizdan oldin taqsimot komissiyalarini faoliyati bilan qiziqing. Oliy ta’lim muassasalarida bitiruvchilarni ishga taqsimlash ular oliy ta’lim muassasasini bitirishidan kamida bir oy oldin o‘tkaziladi. Bunda nafaqat grantda, balki to‘lov-kontrakt asosida o‘qishni tamomlayotgan bitiruvchilar ham ishtirok etish mumkin.
  2. Taqsimot komissiyasini sizni ishga taqsimlayotganda fikringiz hisobga olinishiga e’tiborli bo‘ling. Komissiya reyting, oilaviy sharoit, doimiy yashash joyi va taklif etilayotgan ish joylarida ishlash istagini inobatga olishi lozim.
  3. Taklif etilayotgan ishlar va lavozimlar bilan qiziqing. Komissiya har bir bitiruvchini taklif qilinayotgan ish joyi, mehnat va maishiy sharoitlar, lavozimi, ish haqi miqdori to‘g‘risidagi va boshqa zarur ma’lumotlar bilan tanishtirishi lozim.
  4. Reyting ballingiz yuqorimi? Unda siz birinchilar qatorida mavjud bo‘lgan ish joylariga o‘zlarining ixtiyori bilan joylashish huquqiga egasiz.
  5. Taqsimot komissiyasi o‘z ishini yakunlagandan so‘ng ishga yuborilganlik to‘g‘risida yo‘llanma yoki mustaqil ishga joylashish imkoniyati berilganligi to‘g‘risida ma’lumotnomani talab qiling. Bitiruvchilarga ushbu hujjatlar o‘rniga boshqa hujjatlar berilishiga ruxsat etilmaydi.
  6. Tartibga rioya qilinmayaptimi? Unda komissiya raisi – oliy ta’lim muassasasi rektori yoki sudga shikoyat qiling.

Murodjon Najmiddinov,

huquqshunos, hudud24.uz sayti uchun

Sizning munosabatingiz qanday?

like

dislike

love

funny

angry

sad

wow