Qoraqalpog'iston Respublikasining Ellikqal'a tumanida Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti tomonidan "Yangi O‘zbekistonni birgalikda quramiz!" shiori ostida "Sahro sadosi" yoshlar festivali o‘tkazildi.
Mazkur festival mamlakatimiz, shu jumladan Qoraqalpog‘istonning turistik salohiyatini oshirishga xizmat qiladi.
Joriy yilning 1-2-iyun kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasida Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti tomonidan "Yangi O‘zbekistonni birgalikda quramiz!" shiori ostida "Sahro sadosi" yoshlar festivali o‘tkazildi. "Sahro sadosi" yoshlar festivali doirasida turli sport musobaqalari, "Zakovat" intellektual o‘yini, milliy o‘yinlar, qoraqalpoq milliy taomlari chempionatlari, milliy kuy-qo‘shiqlar, rasm chizish, suvda va quruqlikda futbol va boshqa ko‘plab tadbirlar o‘tkazildi.
TDIU vakillari 1-iyun kuni tumandagi 5-MTTda 1-iyun - Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan ertamiz egalari bo‘lgan bolajonlarni qutladi. Bayram shodiyonasida so‘zga chiqib, bolajonlarga ezgu tilaklarini bildirdilar va turli esdalik sovg‘alari, o‘yinchoqlar taqdim etdilar.
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti jamoasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi vakillari hamda Ellikqal'a tumani hokimligi 1-iyun - Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan tumandagi Oilaviy mehribonlik uyi bolalari holidan xabar oldi. Ular bilan suhbatlashib, bayram bilan tabriklashdi va ota-onalariga ezgu tilaklarini bildirdi. Uchrashuv yakunida bolajonlarga esdalik sovg‘alari va o‘yinchoqlar hadya qilindi.
Shuningdek festival ishtirokchilari dastavval Ellikqal'a tumani "Bolalar- o‘smirlar sport maktabi" stadionida 5 ming qadam yurishdan boshladi.
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti tomonidan o'tkazilayotgan "Sahro sadosi" festivali doirasidagi bayram shodiyonalari barcha yoshlar, Ellikqal'a aholisini xushnud etdi.
Sizning munosabatingiz qanday?