Kontrakt uchun foizsiz kredit. Ta’lim krediti bo‘yicha muhim savollarga javoblar.
Ta’lim krediti qay tartibda ajratiladi? Kreditlar kimlarga ajratiladi? Kredit olish uchun qanday hujjatlar talab qilinadi? Ariza qancha muddatda ko‘rib chiqiladi? Kredit foizi qancha? Kredit naqd ko‘rinishda beriladimi? Kredit qachon qaytariladi?
Ta’lim krediti qay tartibda ajratiladi?
Talabalarga ta’lim krediti ajratish uchun Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzurida Ta’lim kreditini moliyalashtirish jamg‘armasi tashkil qilingan.
Mazkur jamg‘arma orqali ajratilgan kreditlar foizi Markaziy bank asosiy stavkasi miqdorida belgilanadi, bugungi kunda 14 foiz.
Jamg‘arma kreditlarni banklar orqali ajratadi. Kredit ajratadigan banklar ro‘yxati Iqtisodiyot va moliya vazirligi saytida e’lon qilinadi.
Boshqa ta’lim kreditlarning foiz stavkasi, ularni olish, qaytarish tartibini banklar mustaqil belgilaydi.
Kreditlar kimlarga ajratiladi?
Ta’lim krediti o‘qish muddati bir yil va undan ko‘p bo‘lgan barcha OTMlarda, texnikum va kollejlarda kunduzgi, sirtqi va kechki ta’lim shaklida o‘qiyotganlarga beriladi.
Bunda ta’lim tashkilotining davlatniki yoki xususiyligining ahamiyati yo‘q, shuningdek, O‘zbekistondagi xorijiy ta’lim muassasalarida o‘qiyotganlarga ham ta’lim krediti ajratiladi.
“Super kontrakt”ni to‘lash uchun ta’lim krediti berilmaydi.
Kredit olish uchun qanday hujjatlar talab qilinadi?
Kredit olish uchun banklarga quyidagi hujjatlar beriladi:
- – ariza;
- – shartnoma (kontrakt) va unga ilova qilinadigan hisob varaqasi/fakturasi (mavjud bo‘lganda).
- shartnomada o‘qishni tamomlashning muddati va bir yil uchun to‘lov miqdori ko‘rsatilgan bo‘lishi lozim;
- – garov va kafillik bo‘yicha hujjat.
- “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kirgan oilalarning farzandlariga garov va kafillik talab etilmaydi;
- “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritilganligini tasdiqlovchi ma’lumotnoma (reyestrga kiritilganlar uchun);
- – bankning ichki hujjatlarida belgilangan boshqa hujjatlar.
Mazkur hujjatlar bilan bir vaqtda pasport yoki ID-karta ko‘rsatiladi (mazkur hujjatlarning nusxalarini arizaga qo‘shib topshirgan ma’qul).
Arizani istalgan vaqtda berish mumkin, aniq cheklovlar mavjud emas.
Ariza qancha muddatda ko‘rib chiqiladi?
Ariza 5 ish kunida ko‘rib chiqilib, kredit ajratish yoki rad etish haqida qaror qabul qilinadi. Ariza rad etilganda uning sababi ko‘rsatilishi kerak.
Kredit berish ma’qullanganda, talaba va bank o‘rtasida bir yillik kontraktni to‘lash haqida shartnoma tuziladi.
Keyingi o‘quv yili uchun kredit olishda talaba o‘sha yil uchun shartnomani olib keladi va qo‘shimcha kelishuv tuzilib, kredit ajratiladi.
Kredit foizi qancha?
Kredit Markaziy bankning asosiy stavkasi miqdorida, ya’ni 14 foiz miqdorda ajratiladi. Barcha xotin-qizlar uchun esa kredit foizlari jamg‘armaning o‘zi tomonidan qoplanadi. Bu degani xotin-qizlarga kredit FOIZSIZ ajratiladi.
Kredit naqd ko‘rinishda beriladimi?
Kredit talabaning plastigiga yoki naqd ko‘rinishda o‘ziga berilmaydi, kredit OTM shartnomasida yoki hisob varaqasi/fakturasida ko‘rsatib o‘tilgan hisobvarag‘iga mablag‘ o‘tkazish yo‘li bilan amalga oshiriladi.
Kredit kontrakt miqdorini to‘rtga bo‘lib o‘tkaziladi. Masalan kontrakt 20 mln bo‘lsa, har chorakda 5 mlndan o‘tkaziladi.
Kontraktni har yarim yilda yoki birdaniga to‘lash kerak bo‘lsa, talabaning yozma arizasiga asosan kontrakt 2 ga bo‘lib yoki birdaniga to‘lanishi mumkin.
Kredit qachon qaytariladi?
Kreditning asosiy qarzi talabaning rasmiy o‘qish muddati tugagandan so‘ng yettinchi oydan boshlab 7 yil davomida qaytariladi. Foiz to‘lovlari esa bank tomonidan belgilangan muddatda to‘lanadi.
Bu nima degani? Masalan, talaba 20 mln kredit oldi va u o‘qishni 2026 yil 1 iyulda tugatadi. Talaba 20 mln so‘mni 2027 yil 1 fevraldan boshlab 7 yil davomida (2034 yilgacha) to‘laydi. 20 mlnning ustiga qo‘yilgan yillik 14 foizni esa bank belgilagan vaqtdan boshlab to‘laydi.
Talaba kreditning asosiy qarzi va (yoki) foizini 180 kundan ko‘p muddat to‘lamay yursa, bank garov hisobidan qarzdorlikni qoplaydi.
Sizning munosabatingiz qanday?