Talaba-yoshlar o‘rtasida ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash, korrupsiyaga qarshi murosasizlik hissini shakllantirish, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni asrab-avaylash, ularni ma’naviy boy va jismonan sog‘lom etib tarbiyalash

“Har qanday davlat tizimida – qonunlar va boshqa farmoyishlar orqali ishni shunday tashkil qilish kerakki, unda mansabdor shaxslarni noqonuniy yo’l bilan boyishga yo’l qo’ymaslik lozim” -Aristotel-

aprel 22, 2023 - 12:02
aprel 22, 2023 - 12:10
 0  16415
Talaba-yoshlar o‘rtasida ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash, korrupsiyaga qarshi murosasizlik hissini shakllantirish, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni asrab-avaylash, ularni ma’naviy boy va jismonan sog‘lom etib tarbiyalash

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyevning “Korrupsiyaga qarshi kurashishda aholining barcha qatlamlari, eng yaxshi mutaxassislar jalb qilinmas ekan, jamiyatimizning barcha aʼzolari, taʼbir joiz boʻlsa, “halollik vaksinasi” bilan emlanmas ekan, oʻz oldimizga qoʻygan yuksak marralarga erisha olmaymiz” deb aytgan fikrlari bejiz emasdir. Bugungi Yangi O‘zbekistonda korrupsion xulq-atvorga nisbatan murosasizlik korrupsiyaga qarshi faol fuqarolik pozitsiyasiga ega bo‘lgan shaxsning ajralmas xususiyatiga aylanishi kerak. Bu nafaqat korrupsiyaning salbiy mohiyatini anglabgina qolmay, balki korrupsiyaning har qanday namoyon bo‘lishini qat’iy rad etishni ham ifodalaydi. 

O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-yanvardagi “2022 — 2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida”gi PF-60-son Farmoni tasdiqlandi. Strategiyaning 83-84- maqsadlarida: “….Davlat xizmatida halollik standartlarini joriy etish hamda korrupsiyaga moyil soha va tarmoqlarni aniqlash, korrupsiyaviy omillarni bartaraf etish tizimining samaradorligini oshirish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish” masalalari keltirilgan. Bu esa, korrupsiyaga qarshi kurashishda murosasizlik madaniyatini yaratishga turtki bo`ladi.

“Transparency International” xalqaro nodavlat-notijorat tashkiloti 2023-yil yakunlari bo`yicha o‘zining “Korrupsiyalashish indeksi” ni e’lon qildi. Unda O‘zbekiston 2022-yil natijalariga qaraganda oldinga yuqorilab, 180 ta mamlakat ichida 140-o‘rindan 125-o‘ringa ko‘tarildi. Bu esa, mamlakatimizning korrupsiyadan xoli mamlakatlar qatorida kirishda jadallik bilan qilayotgan sayi-xarakatlarini bildiradi. Oliy ta’lim tizimida korrupsiyaning mavjud bo‘lishi boshqa sohalarga ham korrupsiyaning keng tarqalishiga yo‘l beradi. Sohadagi korrupsiya bilimsiz talabalarni shakllantirish bilan bir qatorda, yuqumli kasallik misoli ilmli va bilimdon talabalarni ham korrupsiya yo‘lini tanlashga undaydi. Mazkur holatlarning mavjudligini e‘tiborga olib, korrupsiyaga qarshi kurashishda jamoatchilik nazoratini kuchaytirish lozimdir.
Jumladan, ushbu sohada malakali mutaxassislar yetishmasligi ham birdek muhim muammo edi. Ko‘rinib turibdiki, korrupsiyaga qarshi ommaviy ma’rifatni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish, uni amalga oshiruvchi sub’yektlardan korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini, shuningdek, fuqarolik, ma’muriy va jinoyat qonunchiligining tegishli qoidalarini yetarli darajada bilishni talab qiladi. Bundan tashqari, ma'rifiy tadbir davomida yuzaga keladigan nizolarni omma oldida so'zlash, ishontirish va boshqarish ko'nikmalari muhim ahamiyatga ega.

Binobarin, Oliy ta’lim muassasalarida ham “Korrupsiyaga qarshi kurashish “Komplaens-nazorat” tizimini boshqarish” bo‘limlari tashkil etilgani bunga misoldir. Toshkent kimyo-texnologiya institutida xam 2021-yilda institut shtatlar jadvaliga “Korrupsiyaga qarshi kurashish “Komplaens nazorat” tizimini boshqarish” bo‘limi kiritildi. Bo‘lim faoliyatini olib borishda barcha ichki-idoraviy hujjatlar qabul qilindi. Bo‘lim negizida Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha talaba-yoshlar klubi tashkil etildi. “Google forms” dasturi orqali “Pedagog-o‘qituvchi - talaba nigohida” nomli elektron so‘rovnoma ishlab chiqilib, ushbu so‘rovnoma talabalar o‘rtasida har chorak o‘tkazib kelinmoqda.

Toshkent kimyo-texnologiya institutida korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan bir qator maqsadlar ishlab chiqilgan. Quyidagilar: 
- Oliy ta’lim muassasasida korrupsiyani tubdan yo‘qotishga erishish;  
- Institut rahbar-xodimlari, professor-o‘qituvchilari, talaba-yoshlarining huquqiy ongi va madaniyatini oshirish, korrupsiyaga nisbatan toqatsiz munosabatini shakllantirish; 
- Korrupsiyaviy huquqbuzarliklarni o‘z vaqtida aniqlash, ularga barham berish, oqibatlari, yuzaga kelish sabablari va shart-sharoitlarini bartaraf etish, korrupsiyaviy huquqbuzarliklar sodir etilgan taqdirda  javobgarlikni ta‘minlash; - Manfaatlar to‘qnashuvini oldini olish maqsadida rotatsiya usulini qo‘llash;
- Institutning barcha bo‘linmalarida korrupsiyani oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlrni amalga oshirish shular jumlasidandir.
Institutga o‘qishga qabul jarayonlarini ochiq va shaffof, adolatli o‘tkazilishini ta’minlash maqsadida bakalavriat, magistratura va doktoranturadagi imtihon jarayonlari hamda qonun buzilish holatlarini oldini olishga qaratilgan, byudjet mablag’larining maqsadli sarflanishi va davlat xaridlarini amalga oshirish ustidan masofaviy nazoratni ta‘minlash, ta‘lim ob’yektlarini qurish, rekonstruksiya qilish, mukammal ta‘mirlash va jihozlashda byudjet mablag’laridan maqsadli sarflanishi ustidan monitoring va nazorat tadbirlarini amalga oshirish, korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini samarali tashkil etish hamda xizmat vazifalarini bajarishda qat’iy talablarga rioya etish, korrupsiya holatlarini barvaqt aniqlash va uni oldini olish, manfaatlar to‘qnashuvini oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar yuzasidan 2022-2023 o‘quv yilining hozirgi holati bo‘yicha  25 dan ortiq seminar-treninglar o’tkazildi.

Oliy ta‘lim muassasasida  manfaatlar to‘qnashinuvining yuz berishi, oliy ta‘lim muassasasining obro‘siga putur yetkazadi, malakali mutaxassislar yetishib chiqishi uchun to‘sqinlik qiladi, davlat byudjeti mablag‘larini talon taroj qilish holatlarini keltirib chiqaradi. Bu esa adolat tarozisining buzilishiga olib keladi. Bu borada, statistikaga ahamiyat beradigan bo‘lsak, hisobot yilida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi o‘rganishlarida,  Samarqand viloyatida 277 ta holatda 10 mlrd so‘mlik, Farg‘ona viloyatida 158 ta holatda 8 mlrd so‘mlik, Sirdaryo viloyatida 20 ta holatda 1 mlrd so‘mlik, Qashqadaryo viloyatida 66 ta holatda 1 mlrd so‘mlik, Navoiy viloyatida 14 ta holatda 300 mln so‘mlik davlat xaridlari bo‘yicha tuzilgan shartnomalarda manfaatlar to‘qnashuvi holatlariga yo‘l qo‘yilgan. 

Bu borada, Singapurda 31-yil  bosh vazir lavozimida faoliyat yuritgan Li Kuan Yu ajoyib fikr bildirgan: “Agar biz boshqarayotgan davlat hokimiyati ko‘pchilikning hayotini yaxshilash emas, kamchilikning cho‘ntagini qappaytirish payida bo‘lsa, axvolimiz chatoq bo‘ladi”.

Aytib o‘tish kerakki, Toshkent kimyo-texnologiya institutida manfaatlar to‘qnashuvini oldini olishda quyidagi tayomillarga asoslanadi: 

- fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarining ustuvorligi;
- davlat manfaatlarini shaxsiy manfaatlaridan ustun qo‘yish; 
- oshkoralik, vijdonlilik, xolislik asosida qarorlar qabul qilish;  
- potensial yoki real manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi axborotni oshkor qilishning shartligi; 
- manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha profilaktik choralarning ustuvorligi; 
- manfaatlar to‘qnashuvi holatlarini ko‘rib chiqish va manfaatlar to‘qnashuvini hal qilishda jamoaviylikka amal qilishi; 
- manfaatlar to‘qnashuvi alomatlari bilan tavsiflangan vaziyatlarni ko‘rib chiqish, baholash va hal qilishga xolis yondashuv; 
- belgilangan tartibda manfaatlar to‘qnashuvi mavjudligi to‘g‘risidagi ma’lumotlarning maxfiyligini ta’minlash; 
- agar xodim biron-bir qaror qabul qilishdan avval yoki o‘ziga yuklatilgan funksiyalarni bajarishdan oldin manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida tegishli tartibda xabar bergan hamda tashkilot manfaatlari foydasiga o‘z shaxsiy manfaatlaridan voz kechishga tayyor bo‘lsa, uni real yoki potensial manfaatlar to‘qnashuvi mavjudligi sababli ishdan bo‘shatilishiga yo‘l qo‘yilmasligi;   
- shaffoflik va hisobdorlik; shaxsiy javobgarlik va jazoning muqarrarligi.

Jonajon yurtimiz ravnaqi, rivoji yo‘lida kelajagimiz egalarini yetuk, bilimli va salohiyatli kadrlar bo'lib yetishishlarida ota-onalar befarq bo‘lmasligimiz, ularni ilm olish va halollik bilan o‘z kelajagini qurishga, kitobni sevishga o‘rgatishimiz, shu bilan birga yoshlarda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabat va ijtimoiy-psixologik immunitetni shakllantirish, jamoatchilik nazoratini yo‘lga qo‘yishimiz bugungi kunning pirovard vazifalaridandir.

Toshkent kimyo-texnologiya instituti 
Korrupsiyaga qarshi kurashish 
“Komplaesn nzaorat” tizimini 
boshqarish bo‘limi boshlig‘i 
M.R.Imomaliyeva

Sizning munosabatingiz qanday?

like

dislike

love

funny

angry

sad

wow