Magistratura uchun Milliy sertifikat tizimi o‘zini oqlayaptimi?
Turk tili bo‘yicha milliy sertifikat talabgorlariga nega o‘zlari belgilagan darajasidan yuqoriroq topshiriqlar berilmoqda? Bilim va malakalarni baholash agentligi holat yuzasidan munosabat bildirdi.
2022-yildan magistraturaga topshiruvchilar uchun til bilish sertifikati joriy etildi. Biroq bu tajriba kutilganidek bo‘lmagani bois, qishki qabulni ham o‘tkazishga majbur bo‘ldik. Ayni majburiyat joriy yilda ham o‘z kuchida turibdi, shuning uchun til sertifikatiga talabgorlar talaygina.
Oldin, turk tili sertifikatiga har oyda imtihon topshirish mumkin edi. 2023 yilning mart oyidan boshlab, Bilim va malakalarni baholash agentligi qachon imtihon rejalashtirsa shunda tashkil qilinadigan bo‘ldi. Bundan tashqari, xalqaro Tomer sertifikati bekor qilinib, faqat TYS va Milliy sertifikat qoldirildi.
Shu yilning 7-31 may kunlari o‘tkazilayotgan birgina turk tilidan milliy sertifikat uchun sinovlarga 18 ming talabgor ro‘yxatdan o‘tgan. Ularning har biri imtihon uchun 405 ming so‘mdan pul to‘lagan (jami 7 milliard 290 million so‘m dan ortiq).
Turk tili imtihonining farqli tomoni shundaki, agar siz turk tilidan milliy sertifikatga talabgor bo‘lsangiz, darajangizni aniq belgilaysiz. Ya’ni, qoidaga asosan B2 darajasini belgilasangiz, shu darajada tuzilgan savollar beriladi (Turk tilida 6 ta daraja bor: A1, A2, B1, B2, C1, C2).
Farqi shundaki, bunda IELTS tizimidagidek balingizga qarab daraja berilmaydi. Balki siz B2 daraja uchun maksimal belgilangan balni yig‘ishingiz kerak bo‘ladi va bu undan yuqori darajaning topshiriqlari sizga berilmasligini bildiradi. Ammo may oyida o‘tkazilayotgan imtihonda B2 daraja talabgorlariga C1 darajasidagi savollar berilgan.
Izoh uchun, 7 may kuni o‘tkazilgan imtihonning tinglab tushunish bo‘limida B2 daraja uchun savol sifatida tushgan "Kültürel karşılaştırmalar syempozyumu", "Sultan şairler" topshiriqlari turk tilini o‘rganuvchilar uchun maxsus kitob "Yedi iklim" kitobining C1 darajadagisidan olingan.
Bundan tashqari, Milliy sertifikat uchun imtihonga kirib chiqqan talabgorlarning so‘zlariga ko‘ra, tinglab tushunish bo‘limida qo‘yib berilgan audiolar ikki karra tezlikda eshittirilib, savollar bilan tanishib chiqish uchun esa atigi 30 soniya vaqt berilgan (TYS va Tomer imtihonida esa audio savollar bilan tanishish uchun oldindan 2 daqiqa vaqt beriladi).
Aytgancha, Bilimni baholash agentligining yana bir tajribasi ham bor. Milliy sertifikatga talabgor darajani belgilab kirgani uchun, belgilagan darajani ololmasa, unga hech qanday ball va sertifikat berilmaydi.
Shu o‘rinda savol tug‘iladi: imtihonga 405 ming so‘mdan to‘lov qilgan talabgorlarga o‘zi belgilagan darajasidan yuqoriroq bo‘lgan topshiriqlar berilishidan maqsad nima?! - deyiladi rost24 saytida e'lon qilingan maqolada
Bilim va malakalarni baholash agentligi holat yuzasidan munosabat bildirdi. Unga ko'ra:
1. Magistraturaga o‘qishga kirish uchun chet tili sertifikati talab etilishining Bilim va malakalarni baholash agentligiga hech qanday aloqasi yo‘q.
Mazkur tartib Prezidentning 2021-yil 19-maydagi PQ-5117-son qarorida belgilangan bo‘lib, ushbu taklif Xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish agentligi tomonidan kiritilgan (hozirda bu tashkilot mavjud emas).
2. Bunda aynan Bilimni baholash agentligidan milliy sertifikat olish kerak degan talab mavjud emas. Magistraturaga o‘qishga kirish uchun amal qiladigan sertifikatlar ro‘yxati Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan tasdiqlanadi va e’lon qilinadi. Vazirlik tomonidan tasdiqlangan sertifikatlar ro‘yxatida Bilimni baholash agentligining milliy sertifikatidan tashqari 24 ta xalqaro sertifikat keltirilgan.
3. Bilimni baholash agentligi tomonidan chet tili imtihonlar har oyda (iyul, avgust va sentabr oylaridan tashqari) tashkil etib kelinmoqda va imtihonlar jadvali har yarim yillik uchun oldindan e’lon qilinmoqda.
Mazkur jadvalda turk tilidan imtihonlar mart va may oylarida o‘tkazilishi belgilangan bo‘lib, imtihonlar belgilangan muddatlarda tashkil etilmoqda.
4. 2023-yil 6-7-may kuni o‘tkazilgan chet tili imtihonlarida turk tilidan 3 626 nafar (shundan 89 nafari B1, 3 327 nafari B2, 210 nafari C1 daraja uchun) talabgor ro‘yxatdan o‘tgan (18 ming nafar emas).
5. Test sinovida ishtirok etish uchun talabgorlar my.gov.uz sayti orqali ro‘yxatdan o‘tgan va 405 ming miqdorida to‘lovni amalga oshirgan. Mazkur to‘lovning barchasi Bilimni baholash agentligiga kelib tushmaydi. Yig‘imning qanday taqsimlanishi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 16-fevraldagi 73-son qarorida belgilangan.
Yig‘imning Bilimni baholash agentligiga kelib tushgan qismi test sinovlarini tashkil etish va o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash uchun ishlatiladi. Jumladan:
- test topshiriqlarini shakllantirish;
- test materiallarini chop etish;
- ularni hududlarga yetkazish va qayta olib kelish;
- test sinovi o‘tkaziladigan joylarni tayyorlash;
- talabgorlar uchun suv va ruchka;
- guruh nazoratchilarining ish haqi;
- agentlik xodimlarining xizmat safari;
- talabgorlarning yozma ishlari va gapirish imtihonini tekshirish;
- va boshqa xarajatlar.
Har bir talabgor imtihon davomida 2 ta yozma ish yozadi va gapirish ko‘nikmasini baholash imtihonida ishtirok etadi. Bunda har bir yozma ishni tekshirish uchun kamida 2 nafar ekspert jalb etiladi. Agar ular tomonidan qo‘yilgan ballar keskin farq qilsa, 3-ekspertga yuboriladi. Gapirish ko‘nikmasini baholashda ham shu tartib amal qiladi. Demak, har bir talabgorning ishlarini (2 ta yozma ish va gapirish) tekshirish uchun eng kamida 6 nafar (9 nafargacha) ekspert jalb etiladi.
Qayd etish lozimki, Bilimni baholash agentligi tomonidan o‘tkaziladigan imtihon uchun to‘lov miqdori istalgan chet tili imtihoni uchun amalga oshiriladigan to‘lovdan arzon hisoblanadi. Misol uchun, IELTS imtihoni uchun to‘lov miqdori 1 940 400 so‘mdan 2 264 800 so‘mgacha tashkil etadi.
Maqolada keltirilgan TYS imtihonini ko‘radigan bo‘lsak, mazkur imtihon Yunus Emre Instituti tomonidan bir yilda uch marotaba o‘tkaziladi (agentlik tomonidan turk tili imtihoni yarim yilda 2 marotaba o‘tkazildi) va to‘lov miqdori turli davlatlar uchun turlicha bo‘lib, O‘zbekiston uchun 60$ (700 ming so‘mga yaqin) ni tashkil etadi.
6. Bilimni baholash agentligi tomonidan chet tili imtihonlari Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 16-fevraldagi 73-son qaroriga muvofiq tashkil etiladi. Unga ko‘ra imtihonlar ko‘p darajali formatda yoki har bir daraja uchun alohida o‘tkaziladi.
Agentlik tomonidan ingliz, nemis, fransuz va arab tillaridan imtihonlar ko‘p darajali formatga o‘tkazilgan bo‘lib, boshqa tillardan har bir daraja uchun alohida o‘tkazilmoqda.
Aslida testologiya jihatidan tilni bilish darajasini aniqlashda har bir daraja uchun alohida imtihon o‘tkazish talabgorning darajasini aniqlashning eng to‘g‘ri yo‘llaridan biri (kamchilik emas) hisoblanadi.
7. Audio ikki karra tezlikda qo‘yib berilmagan. Buni mazkur imtihonda ishtriok etgan boshqa talabgorlar bilan gaplashib, aniqlik kiritish mumkin. Shuningdek, agentlikda imtihonning barcha videoyozuvlari mavjud bo‘lib, Rost24 nashri agentlikka murojaat qiladigan qilgan taqdirda, test sinovi videolarini ko‘rsatishga tayyormiz.
8. Maqolada nomi keltirilgan audio-matnlar, haqiqatan “Yedi İklim” C1 kitobida mavjud. Lekin imtihonda talabgorlarga uning qisqartirilgan va soddalashtirilgan shakli berilgan.
Matn uchun tuzilgan test topshiriqlari B2 darajasiga to‘la mos bo‘lib, C1 darajasida emas. Test topshiriqlarida C1 darajasidagi ilmiy terminlar qo‘llanilmagan. Test topshiriqlaridagi leksika B2 darajasiga mos bo‘lib, savollar mazmuni eshitilgan ma’lumotning aynan o‘zini belgilashdan iborat. Bunda tinglangan matn mazmuniga nisbatan xulosa chiqarishga qaratilgan yoki berilgan so‘zlarning sinonimlari orqali tuzilgan test topshiriqlari mavjud emas.
Quyidagi kabi test topshiriqlari B2 darajasiga talabgorlar javob berishi uchun qiyinchilik tug‘dirmaydi:
1. Fatih Sultan Mehmet’in takma adı neydi?
A) Adnî B) Avnî C) Muhibbî
2. Alena ve Fatih sempozyumda karşılaşıyorlar?
A) Doğru B) Yanlış
Sizning munosabatingiz qanday?