Ixchamlashgan vazirliklarda yangi markaz tashkil etilmoqda.
Prezident qarori bilan Taʼlimni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi tashkil etilmoqda. Ushbu markaz Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi hamda Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi markazlarning shtat birliklari qisqarishi hisobiga tashkil etiladi.
Prezident qarori (№128 20.04.2023y) bilan Taʼlimni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi tashkil etilmoqda.
- Respublika markazi xodimlariga Prezident Administratsiyasining Ijro etuvchi apparati xodimlari uchun belgilangan mehnatga haq toʻlash razryadlari va ish haqi miqdorlari tatbiq etiladi;
- davlat organlari rahbarlari Respublika markaziga har tomonlama koʻmaklashadi, jumladan, markaz oʻz vazifalarini bajarishi uchun unga zarur shart-sharoit yaratadi, shuningdek, soʻralgan maʼlumotlarni oʻz vaqtida taqdim etadi, tahlillar yakuniga koʻra kiritilgan materiallar va tavsiyalarni koʻrib chiqadi.
- Respublika markazi faoliyatiga umumiy rahbarlik Prezidentning fan, taʼlim, sogʻliqni saqlash va madaniyat masalalari boʻyicha maslahatchisi boʻlinmalari tomonidan amalga oshiriladi;
- Respublika markaziga Prezident tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan direktor rahbarlik qiladi;
- Respublika markazini taʼlim sohasida chuqur nazariy va amaliy bilimga ega boʻlgan, xorijiy tillarni egallagan, belgilangan vazifalar ijrosini yuqori professional darajada bajara oladigan tajribali va malakali ilmiy-pedagogik kadrlar bilan toʻldirish choralari koʻriladi.
- Respublika markazi Toshkent shahri, Shayxontohur tumani, Navoiy koʻchasi 30-uy manzildagi bino joylashadi.
Mazkur Respublika markazi:
- Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzuridagi Respublika ta’lim markazining 34 ta shtat birligini hamda faoliyati tugatilayotgan Ta’lim sifatini baholashning xalqaro tadqiqotlar milliy markazining 18 ta shtat birligini;
- Oliy ta’lim, fan va innovasiyalar vazirligi huzuridagi Oliy ta’limni rivojlantirish tadqiqotlari va ilg‘or texnologiyalarni tatbiq etish markazining 10 ta shtat birligini qisqartirish hisobiga tashkil etiladi.
Markazning asosiy vazifalari qilib:
- ta’lim jarayoniga innovasion pedagogik texnologiyalarni, o‘qitishning samarali shakl va usullarini, ta’lim sifatini baholash va monitoring qilishning zamonaviy tizimlarini joriy qilish;
- maktabgacha, umumiy o‘rta va maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlari, shuningdek, qisqa muddatli, shu jumladan xususiy o‘quv kurslar (keyingi o‘rinlarda - o‘quv kurslari)ning ta’lim standartlari, o‘quv rejalari va dasturlariga qo‘yiladigan talablarni ishlab chiqish va tasdiqlash;
- ta’lim tashkilotlarida o‘qitish metodikasini takomillashtirish, zamonaviy talablar va ilg‘or xorijiy tajriba asosida yangi darsliklar va o‘quv-metodik majmualarni nashr qilish, tajriba-sinovdan o‘tkazish va ekspertiza qilishni tashkillashtirish;
- ta’lim tashkilotlarining rahbar va pedagogik kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishning ilg‘or shakllarini joriy qilish, o‘qituvchilarning kasbiy mahoratini uzluksiz oshirib borish uchun shart-sharoit yaratish;
- ta’lim tashkilotlaridagi o‘quv-tarbiya jarayonlari va kadrlarni tayyorlash sifatini monitoring qilishda, ta’lim oluvchilarning bilimi ta’lim standartlari va talablariga muvofiqligini tahlil qilishda ishtirok etish, O‘zbekiston Respublikasida ta’lim sifati sohasida xalqaro dasturlar va tadqiqotlar o‘tkazilishini tashkillashtirish;
- ta’lim sohasini rivojlantirishga qaratilgan tahliliy va amaliy tadqiqotlar o‘tkazish, ta’lim jarayonida jahon ilm-fani va texnologiyalari yutuqlaridan keng foydalanish bo‘yicha ilmiy ishlanmalar va tavsiyalar tayyorlash;
- ta’lim sohasidagi ilg‘or amaliyotni o‘rganish va tizimli tahlil qilish hamda uni respublikada joriy etish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni qabul qilish, yetakchi xorijiy ilmiy-tadqiqot tashkilotlari bilan aloqalarni rivojlantirish belgilandi.
Sizning munosabatingiz qanday?