Sergelida 12 yoshli qizning qotilligi bilan bogʻliq jinoyat ishi sudda ko'rib chiqildi.
Ayblanuvchiga umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Joriy yilning 31-yanvar kuni Yangihayot tumanida 12 yoshli qizning o‘limi bilan bog‘liq jinoyat ishi yuzasidan Oliy sud matbuot kotibi bayonot berdi:
Bugun, 2023-yil 26-may kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tuman sudida sudlanuvchi A. T. (1993 yilda Toshkent viloyatida tug‘ilgan, muqaddam sudlangan) ga oid jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha sud jarayoni tugab, sud hukmi e’lon qilindi.
Ushbu jinoyat ishi jinoyat ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tuman sudining raisi A. Jalilov raisligida Jinoyat-prosessual kodeksining 19-moddasi (sudda jinoyat ishlarining oshkora ko‘rilishi) talablariga muvofiq yopiq sud majlisida ko‘rib chiqildi.
E’lon qilingan sud hukmiga ko‘ra A. T. Jinoyat kodeksining 226-moddasi (ma’muriy nazorat qoidalarini buzish) 1-qismi, 137-moddasi (odam o‘g‘rilash) 3-qismi “b” bandi, 118-moddasi (nomusga tegish) 4-qismi, 119-moddasi (jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda qondirish) 4-qismi, 104-moddasi (qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) 2-qismi “v” bandi va 97-moddasi (qasddan odam o‘ldirish) 2-qismi “v”, “j”, “z”, “o” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga Jinoyat kodeksining 59-moddasi (bir necha jinoyat sodir etganlik uchun jazo tayinlash) 4-qismi tartibida uzil-kesil umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Shuningdek, Jinoyat kodeksining 34-moddasi (residiv jinoyat) 3-qismi “b” bandiga asosan A. T. o‘ta xavfli residivist deb topilib, unga tayinlangan jazo maxsus tartibli koloniyada o‘tattirilish belgilandi.
Bundan tashqari, Jinoyat kodeksining 96-moddasi (jazo bilan birga tayinlanadigan tibbiy yo‘sindagi majburlov choralarini qo‘llash) ga muvofiq A. T. ga jazoni o‘tash joylarida alkogolizm hamda murakkab politoksikomaniyaga qarshi davolash choralari qo‘llanilish belgilandi.
Birinchi instansiya sudining ushbu hukmidan norozi taraflar hukm e’lon qilingan kundan e’tiboran yigirma sutka ichida, sudlanuvchi va jabrlanuvchining qonuniy vakili hukm nusxasini olgan kunidan e’tiboran shu muddat ichida Toshkent shahar sudining jinoyat ishlari bo‘yicha apellyasiya instansiyasi sudlov hay’atiga shikoyat berishi yoki protest bildirishi mumkinligi ma’lum qilinadi.
Sizning munosabatingiz qanday?