Talabalar yoki bakalavrni bitirganlar yana o'qishga topshirib ko'rsa bo'ladimi?

Huquqshunos bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev batafsil javob berdi

Iyun 21, 2023 - 23:51
 0  11509
Talabalar yoki bakalavrni bitirganlar yana o'qishga topshirib ko'rsa bo'ladimi?

Kimlar abituriyent sifatida o‘qishga topshira olishadi?

Ushbu savolga huquqshunos bloger Xushnudbek javob berdi: Demak, OTMlarning bakalavriat bosqichiga quyidagilar hujjat topshira olishadi:

Umumiy o‘rta taʼlimning 11-sinfini tugatganlar.

Bunda barcha maktablar, shu jumladan Prezident va ijod maktablari, ixtisoslashgan va harbiy maktablar, litseylar, gimnaziyalar, kasb-hunar maktablari, xullas barchasi kirib ketadi. Muhim jihati albatta 11-sinf negizida shahodatnoma bo‘lishi kerak, 10-sinfni tugatib topshirib, talaba bo‘lib o‘qish imkoni yo‘q;

Professional va o’rta maxsus taʼlim tashkilotini tugatganlar.

Bunda akademik litseylar, kasb-hunar kollejlari va texnikumlar kiradi. Faqat bir jihati, agar kollejga 9-sinfni tugatib kirganlar bo’lsa, hujjatni kollej diplomi bilan topshiradi, agar kollejga 11-sinfni tugatib kirgan bo’lsa, unda maktab shahodatnomasi bilan topshiradi;

Kasb-hunar kolleji va texnikumda o’qiyotganlar

Bugungi kunda professional ta’lim tashkilotida o’qiyotganlar garchi hali o’qishi tugamagan bo’lsa-da, bemalol hujjat topshira oladi. Faqat yuqorida aytganimdek, ular 11-sinf shahodatnomasi bilan topshiradi;

Oliy taʼlimda o‘qiyotgan talabalar.

Bunda hozirda O‘zbekistondagi davlat yoki nodavlat, shuningdek xorijdagi OTMlarda talaba bo‘lib o‘qiyotganlar maktab, litsey, kollej va h.k. diplomlari bilan o‘qishga hujjat topshirishlari mumkin. O‘qishga kirgan taqdirda qayerda o‘qishini o‘zi tanlaydi, xohlasa hozirgi talabaligini davom ettiradi, xohlasa yangi kirgan joyida o‘qiydi.

Talabalarning o‘qishga topshirishi hech qanday muammo (masalan, o‘qishdan chetlatish) olib kelmaydi. Ammo Sizlardan iltimosim, shunchaki o‘yin uchun topshirib o‘tirmang, mabodo o‘qishga kirsangizu, keyin tashlab ketsangiz, bitta abituriyent joyini behudaga band qilgan bo‘lasiz, keyinchalik bo‘shab qolgan o‘ringa hech kimni olishmaydi;

OTMlarni tugatgan diplomli oliy maʼlumotlilar.

Allaqachon bir marta oliy maʼlumot olib bo‘lgan shaxslar ham bemalol yana qayta bakalavriat bosqichiga hujjat topshirib ko‘rishlari mumkin. Ular ham xuddi hozirgi talabalar singari maktab, litsey, kollej va h.k. diplomlari bilan o‘qishga hujjat topshirishadi, universitet diplomi bilan emas. Bu yerda yana bir jihat, amaldagi qonunchilikka ko‘ra, bir marta oliy maʼlumot olib bo‘lganlarning (grant yoki kontraktda o‘qiganligidan qatʼi nazar) ikkinchi marta talaba bo‘lishi faqat to‘lov-kontrakt asosida bo‘ladi. Yaʼni ular grantga daʼvogarlik qila olmaydi, kirsa ham faqat kontraktda o‘qishadi.

Xullas, mana shu yuqoridagi 5 ta toifadagi shaxslar bemalol my.uzbmb.uz sayti orqali abituriyent sifatida hujjat topshirib ko‘rishlari mumkin. Barchaga omad!

Sizning munosabatingiz qanday?

like

dislike

love

funny

angry

sad

wow