2023/2024-o'quv yili uchun qabul boshlandi. Abituriyentlar bilishi kerak bo'lgan dolzarb savollarga muhim javoblar.

Bugun AOKAda Oliy ta’lim, fan va innovasiyalar vazirligi, Bilimni baholash agentligi rahbariyati va mutasaddilari ishtirokida joriy o‘quv yili uchun OTMlarga qabul masalalari yuzasidan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Iyun 21, 2023 - 19:15
 2  14698
2023/2024-o'quv yili uchun qabul boshlandi. Abituriyentlar bilishi kerak bo'lgan dolzarb savollarga muhim javoblar.

OTMlarga o‘qishga qabul qilishda jami 206857 nafar (43783 tasi grant, 163074 tasi to‘lov-kontrakt) talaba uchun o‘rin ajratiladi. Shundan:

  • bakalavriat uchun kunuduzgi ta’lim shakliga – 126714 nafar (34860 tasi grant, 91854 tasi kontrakt);
  • sirtqi ta’lim shakliga – 49063 nafar (to‘liq kontrakt);
  • kechki ta’lim shakliga – 11125 nafar (kontrakt);
  • masofaviy ta’lim shakliga – 2825 nafar (kontrakt);
  • magistrlar tayyorlash bo‘yicha – 17130 nafar (8923 tasi grant, 8207 tasi kontrakt) o‘rin belgilangan.

Respublikada faoliyat yuritayotgan xorijiy OTM va ularning filiallari hamda nodavlat OTMda kadrlash tayyorlash uchun 1000 ta davlat grant o‘rni ajratiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli farmoyishi (PF-31, 15.06.2023-y) bilan 2023/2024-o‘quv yili uchun davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari tasdiqlandi. Unga ko‘ra: bakalavrlar tayyorlash bo‘yicha kunduzgi ta’lim shakliga – 34 860 nafar, magistrlar tayyorlash bo‘yicha – 8 923 nafar grant o‘rinlari ajratildi.

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 279-son qaroriga (15.06.2022-y) muvofiq, 2023/2024-o‘quv yilidan boshlab davlat oliy ta’lim muassasalariga to‘lov-kontrakt asosidagi qabul parametrlari bo‘ysunuvi bo‘yicha tegishli vazirlik (idora) tomonidan Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan kelishilgan holda, moliyaviy mustaqillik berilgan oliy ta’lim muassasalari esa Kuzatuv kengashlari tomonidan tasdiqlandi.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, joriy o‘quv yili davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish parametrlari jami 206 857 nafar, shu jumladan 43 783 nafari grant, 163 074 nafari to‘lov-kontrakt:

a) bakalavrlar tayyorlash bo‘yicha jami 189727 (34 860 nafar grant, 154 867 nafar kontrakt:

  • kunduzgi ta’lim shakliga — 126 714 nafar (34 860 nafar grant, 91 854 nafar kontrakt);
  • sirtqi ta’lim shakliga — 49 063 nafar (kontrakt);
  • kechki ta’lim shakliga — 11 125 nafar (kontrakt);
  • masofaviy ta’lim shakliga – 2 825 nafar (kontrakt);

b) magistrlar tayyorlash bo‘yicha — 17 130 nafar (8 923 nafar grant, 8 207 nafar kontrakt) etib belgilandi.

  • Shuningdek, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasining tavsiyanomasi mavjud oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan xotin-qizlar uchun bakalavriatning kunduzgi ta’lim shakli bo‘yicha qo‘shimcha 2 000 ta davlat granti;
  • respublikada faoliyat yuritayotgan xorijiy oliy ta’lim tashkilotlari va ularning filiallari hamda nodavlat oliy ta’lim tashkilotlarida kadrlar tayyorlash uchun 1 000 ta davlat granti;
  • Nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun umumiy qabuldan 2% li;
  • Harbiy tavsiyanomalilar uchun qo‘shimcha kvota;
  • Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari uchun umumiy qabuldan 1% li;
  • Harbiylarning farzandlari uchun davlat grantidan 2% li;
  • IIO xodimlari farzandlari uchun davlat grantidan 5% li;
  • Bojxona xodimlari farzandlari uchun davlat grantidan 2% li qo‘shimcha grant o‘rinlari ajratildi.
  1. Joriy o‘quv yilida 8 ta OTMda chet tilidan ijodiy imtihon o‘tkaziladi;
  2. O‘qishga kirish uchun faqatgina biometrik pasport yoki ID-karta va umumiy o‘rta ta’lim olganini tasdiqlovchi hujjat (attestat, diplom) talab etiladi;
  3. Ro‘yxatdan o‘tishda 2 ta tanlov ustuvorligi: davlat granti va ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha 5 tagacha ta’lim yo‘nalishi tanlash mumkin;
  4. Abituriyentlarning test sinovida to‘plagan ballari test topshirganning ertasi kunida shaxsiy kabinetga javoblar varaqasi skaner qilinib, to‘g‘ri va noto‘g‘ri javoblar ko‘rsatilgan holda yuboriladi;
  5. Talabalikka tavsiya etilgan yoki etilmaganligi to‘liq test sinovlari yakunlangandan so‘ng 1 hafta ichida e’lon qilinadi.

1. Abituriyentlarni ro‘yxatdan o‘tkazish

2023-2024-o‘quv yili uchun oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga abituriyentlarni onlayn ro‘yxatga olish 20-iyun kuni boshlandi. Ro‘yxatga olish Bilim va malakalarni baholash agentligining my.uzbmb.uz sayti orqali onlayn tarzda amalga oshirilmoqda va 20-iyulga qadar davom etadi.

Bunda chet tili fanidan tinglab tushunish, o‘qish, yozish, gapirish kompetensiyalarini aniqlash va baholashga qaratilgan ijodiy imtihon o‘tkaziladigan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga abituriyentlarni ro‘yxatga olish 10 iyul kuni (10 iyul kuni ham) yakunlanadi.

 2. Chet tilidan ijodiy imtihon

O‘tgan yili ilk bor 6 ta OTMga kirish uchun chet tilidan ijodiy imtihon o‘tkazilgan edi. Joriy yilda mazkur toifadagi OTMlar soni 8 taga yetdi:

Bular xorijiy tillar bo‘yicha mutaxassislarni tayyorlashga ixtisoslashgan:

  • −      O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti;
  • −      Samarqand davlat chet tillar instituti;
  • −      Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti;
  • −      Andijon davlat chet tillar instituti;
  • −      Namangan davlat chet tillar institutining chet tili birinchi fan bo‘lgan ta’lim yo‘nalishlari hamda;
  • −      Toshkent davlat pedagogika universiteti;
  • −      Qo‘qon davlat pedagogika instituti;
  • −      Nukus davlat pedagogika institutining xorijiy tillar bo‘yicha pedagoglarni tayyorlovchi bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari.

 3. Talab etiladigan hujjatlar

Ro‘yxatdan o‘tish uchun abituriyentlardan faqatgina:

  • −      biometrik pasport yoki ID-karta;
  • −      umumiy o‘rta ta’lim olganini tasdiqlovchi hujjat (attestat, diplom)

so‘raladi. Ulardan boshqa hech qanday hujjat talab etilmaydi.

 4. Ta’lim yo‘nalishlarini tanlash

Ro‘yxatdan o‘tishda abituriyentlar fanlar majmuasi va ketligi bir xil bo‘lgan 5 tagacha ta’lim yo‘nalishini tanlashi mumkin. Bunda ta’lim yo‘nalishlarini bir OTM doirasida yoki turli OTMlar doirasida tanlasa bo‘ladi.

Shuningdek, abituriyentlar turli ta’lim shakllarini tanlashi mumkin. Misol uchun, 1-ta’lim yo‘nalishini kunduzgi, 2-sini kechki, 3-sini sirtqi, 4-sini masofaviy ta’lim shakllari doirasida tanlashi mumkin. Umuman olganda qanday tanlash abituriyentning ixtiyorida.

Bundan tashqari abituriyentlar ro‘yxatdan o‘tishda tanlov ustuvorligini ham tanlaydi. Bunda 2 ta tanlov ustuvorligi mavjud:

  • −      davlat granti;
  • −      ta’lim yo‘nalishi.

 5. Test sinovi o‘tkaziladigan binolar

Davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish jarayonlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha davlat komissiyasining bayoni bilan test sinovi o‘tkaziladigan binolar ro‘yxati tasdiqlangan. Unga ko‘ra 2023-2024-o‘quv yili uchun oliy ta’lim muassasalarining bakalavriatiga qabul qilish bo‘yicha test sinovlari katta sig‘imli binolarda o‘tkaziladi.

Bunda test sinovlarini o‘tkazish uchun 92 ta bino tanlab olingan bo‘lib, bir smenada 44 ming nafar abituriyent test sinovida ishtirok etishi mumkin bo‘ladi. Ushbu binolar Bilimni baholash agentligi tomonidan mahalliy hokimlik va idoralar bilan kelishilgan holda tanlab olingan. Mazkur bayonda Agentlikka mahalliy hokimliklar bilan kelishilgan holda test sinovlari o‘tkaziladigan binolar ro‘yxatiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish vakolati berilgan bo‘lib, binolar ro‘yxatida o‘zgarishlar bo‘lishi mumkin.

6. Guruh nazoratchilari

Joriy yildan guruh nazoratchiligiga nomzodlarni keng jamoatchilik orasidan ochiq tanlov o‘tkazish orqali tanlab olish yo‘lga qo‘yildi.

Buning uchun joriy yilning yanvar-fevral oylarida elektron platforma orqali 8 956 nafar talabgor guruh nazoratchiligiga nomzod sifatida ro‘yxatdan o‘tdi. Ular uchun maxsus o‘quv kursi tashkil etilib, kurs yakunida test sinovi o‘tkazildi. Test sinovidan muvaffaqqiyatli o‘tganlar bilan suhbat o‘tkazilib, 4 000 nafarga yaqini guruh nazoratchisi sifatida tanlab olindi.

Bundan tashqari gapirish va eshitishda nuqsoni bo‘lgan abituriyentlarga qulaylik yaratish maqsadida 150 nafarga yaqin surdatarjimon pedagoglarni test sinovlari jarayoniga jalb etish uchun shartnomalar tuzildi.

 7. Shaffoflik

Barcha joylarda test sinovlari to‘liq videokuzatuv ostida o‘tkaziladi. Buning uchun har bir guruhga statsionar kameralar hamda binoga umumiy 3600 ga aylanuvchi kameralar o‘rnatiladi.

Abituriyentlar va ularning ota-onalari, umuman keng jamoatchilik test sinovlarini kuzatib borishlari uchun jarayonlar onlayn translyatsiya qilib boriladi.

Test sinovlari o‘tkaziladigan hududlarga kiritishda esa abituriyentlarning shaxsini aniqlash uchun shaxsni identifikatsiyalash vositalaridan foydalaniladi. Natijada boshqa bir shaxslarning abituriyentlar o‘rniga test sinovlariga kirishining oldi olinadi.

 8. Test natijalari

Abituriyentlarning test sinovida to‘plagan ballari test sinovi o‘tkazilgan kunning ertasigayoq shaxsiy kabinetida e’lon qilib boriladi. Bunda abituriyentning javoblar varaqasi rangli skaner qilinib, qaysi savollarga to‘g‘ri, qaysilariga noto‘g‘ri javob berilgani aks etgan holda abituriyentning shaxsiy kabinetiga joylashtiriladi.

Abituriyentlarning talabalikka tavsiya etilgan yoki etilmagani bo‘yicha yakuniy tanlov natijalari esa test sinovlari to‘liq yakunlangandan so‘ng 1 hafta ichida e’lon qilinadi.

Sizning munosabatingiz qanday?

like

dislike

love

funny

angry

sad

wow