Amir Temur "Kuch — adolatda" degan. Lekin Yangi O‘zbekistonda Temur izdoshlari adolatsizlik timsoli bo‘lib turibdi — Xushnudbek
“Temurbeklar maktabi” bitiruvchilariga OTMga kirish imtihonida qo‘shimcha ballar berilayotgani tanqid qilindi
O‘zbekistonda 1-avgust kuni o‘tkazilgan oliy taʼlim muassasalariga kirish imtihonining natijalari eʼlon qilindi. Gap shundaki, bu yil ham testlarda qatnashgan “Temurbeklar maktabi” bitiruvchilariga harbiy taʼlim muassasalarida o‘zlari to‘plagan ballarning 30 foizi, boshqa OTMlarda 15 foizi miqdoridagi qo‘shimcha ballar beriladi. Ijtimoiy tarmoq faollarining fikricha, bu adolatsizlikdir.
Huquqshunos bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev Telegram'dagi kanalida “natijalarga qarar ekanmiz, ko‘zimizga birinchi bo‘lib yana o‘sha adolatsizlik tushadi”, deya fikr bildirdi.
Huquqshunosning yozishicha, tizimdagi adolatsizlik sabab oddiy qishloq bolasining o‘rnini zamonaviy sharoitlardagi “Temurbeklar maktabi”da o‘qib, imtiyoz olgan bolalar egallaydi.
“Temurbeklar maktabi” bitiruvchilariga harbiy taʼlim muassasalarida o‘zlari to‘plagan ballarning 30 foizi miqdoridagi, boshqa oddiy OTMlarda esa 15 foizi miqdoridagi qo‘shimcha ballar ko‘rinishida imtiyoz beriladi. Yaʼni 100 ball olsa, uning bali avtomat 115 ga aylanib qoladi.
Natijada har yili “Temurbeklar maktabi” ayrim bitiruvchilarining ballari amalda to‘plash mumkin bo‘lgan eng maksimal 189 balldan ham oshib ketadi. Yaʼni oddiy qishloq maktabida o‘qigan o‘quvchi barcha savollarga to‘g‘ri javob bergan taqdirda ham, 189 ball bilan kontraktga kirishi mumkin. Chunki o‘sha oddiy qishloq bolasining o‘rnini o‘ta zamonaviy sharoitlardagi “Temurbeklar maktabi”da o‘qib, imtiyoz olgan bolalar egallaydi.
Qani inson qadri? Qani Konstitutsiyadagi tenglik? Qani hamma yoqda jar solinayotgan ijtimoiy adolat? Amir Temurning asosiy shiori adolat bo‘lgan. U adolatni har narsadan ustun ko‘rgan. Lekin bizda Temur izdoshlari bo‘lgan bo‘lg‘usi harbiylar kirish imtihonlarida adolatsizlik timsoliga aylanib qolgan. Bu kulgili emasmi”, — deb fikr bildirgan Xushnudbek Xudoyberdiyev.
Xulosa qilarkan, bloger imtihon natijalariga imtiyozli ball qo‘shmaslik kerakligi va “Temurbeklar maktabi” bitiruvchilariga imtiyoz berilgan taqdirda ham, faqat harbiy OTMlar uchun berilishi lozimligini qayd etgan.
“Masalan, davlat grantida alohida kvota berib, o‘sha kvota ichida maktab bitiruvchilari o‘zaro kurashsin. Shunda boshqalarga xalaqit bermaydi, birovlarning joyini nohaq egallamaydi. Tamom, nimasi qiyin shuni”, — deb yozgan u.
Telegram'dagi “davletovuz” kanali muallifi ham Xudoyberdiyevning fikrlariga qo‘shimcha qilgan.
“Imtiyoz boshqalarni kamsitmasligi kerak. Xushnudbek masalani to‘g‘ri ko‘taryapti. Bunaqa adolatsiz imtiyoz bekor qilinishi lozim. Temurbeklar maktabida o‘qimagan bolalarning aybi yo‘q”, — deb yozgan u.
Ushbu mavzu haqida fikr bildirar ekan, sobiq deputat Rasul Kusherbayev Konstitutsiyaga zid qoida va huquqlar saqlanib qolayotganini yozgan.
“Konstitutsiyaning 19-moddasida “O‘zbekiston Respublikasida barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega bo‘lib, jinsi, irqi, millati, tili, dini, eʼtiqodi, ijtimoiy kelib chiqishi, ijtimoiy mavqeidan qatʼi nazar, qonun oldida tengdirlar”, degan qatʼiy qoida bor. Yaʼni tushunishimizcha, O‘zbekistonda barcha fuqarolar, uning ota-onasi kim bo‘lgani, qayerda yashab, qayerda tug‘ilgani, tanish-bilishlari kim ekanidan qatʼi nazar hammasi bir xil huquq va erkinliklarga ega bo‘ladi.
Lekin amalda bu qoida qanday ishlayapti? Bu borada “Temurbeklar maktabi” va boshqa o‘quv yurtlaridagi o‘quvchilarga ijtimoiy kelib chiqishiga ko‘ra o‘qishlarga kirishda berilayotgan alohida imtiyoz huquqi haqida o‘ylab ko‘rish kerak. Bu borada Konstitutsiyaviy sudimiz yangi Konstitutsiya sharoitida ham jimlik saqlamasdan aniq ko‘rinib turgan zidlik bo‘yicha munosabat qilsa bo‘lardi. Konstitutsiyaga zid barcha normativ huquqiy hujjatlar zudlik bilan bekor qilinishi kerak”, — deb yozgan u.
Eslatib o‘tamiz, 2019-yil 28-iyundagi prezident qaroriga asosan, “Temurbeklar maktabi” bitiruvchilariga harbiy taʼlim muassasalariga kirish imtihonlarida to‘plagan ballarining 30 foizi, boshqa davlat OTMlariga o‘qishga kirishda to‘plagan ballarining 15 foizi miqdoridagi qo‘shimcha ballar ko‘rinishida imtiyoz berib kelinadi.
Shuningdek, hujjatda mazkur maktablarni imtiyozli diplom bilan tamomlagan bitiruvchilarga tarkibida “Temurbeklar maktabi” bo‘lgan vazirlik va idoralarning tegishliligi bo‘yicha oliy harbiy yoki ixtisoslashtirilgan bilim yurtlariga test sinovlarsiz, harbiy-kasbiy saralash tadbirlarini muvaffaqiyatli o‘tish natijalari bo‘yicha kirish huquqi berilishi belgilangan.
Sizning munosabatingiz qanday?