Talabalar ishlab chiqarish amaliyoti uchun mehnat shartnomasi asosida haq to‘lanadi.

Yurist Ilhomjon Saidov amaliyot o‘tash bo‘yicha haq to‘lash tartibi haqida tushuntirish berdi.

Fevral 1, 2024 - 11:57
 0  14998
Talabalar ishlab chiqarish amaliyoti uchun mehnat shartnomasi asosida haq to‘lanadi.

Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 8-yanvarda “Oliy ta’lim tashkilotlari talabalarining iqtisodiyot tarmoqlari korxonalarida haq to‘lanadigan ishlab chiqarish amaliyotini tashkil etish tartibi to‘g‘risida”gi 11-son qarori qabul qilindi. Ushbu qaror bilan “Oliy ta’lim tashkilotlari talabalarining iqtisodiyot tarmoqlari korxonalarida haq to‘lanadigan ishlab chiqarish amaliyotini tashkil etish tartibi to‘g‘risida”gi nizom tasdiqlandi. Unga ko‘ra, 2024/2025-o‘quv yilidan boshlab oliy ta’lim tashkilotlarining(harbiy oliy ta’lim muassasalari bundan mustasno) ta’lim shaklidan qat’i nazar, talabalarning tegishli ta’lim yo‘nalishlari (mutaxassisliklari) bo‘yicha haq to‘lanadigan ishlab chiqarish amaliyotlari tarmoq (soha)ning muayyan tashkilotlari va korxonalarida mehnat shartnomasi asosida yo‘lga qo‘yiladi.

Kimlar haq to‘lanadigan malakaviy amaliyotni o‘taydi?

Amaliyotni o‘tash uchun talabalar o‘rtasida tanlov o‘tkaziladi. Tanlov O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan uning hududiy boshqarmalarida maxsus komissiya tashkil etiladi. Tanlov har yili kamida bir marotaba o‘tkaziladi. Tanlov natijalari yuzasidan yakuniy qaror qabul qilinadi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri buyrug‘i qabul qilingandan so‘ng tanlovdan o‘tgan talabalar amaliyotga yuboriladi.

Tanlov qaysi mezonlar asosida o‘tkaziladi? 

Taqdimot quyidagi 100 ballik mezon asosida baholanadi:

amaliy ko‘nikmani shakllantirishga yo‘naltirilganligi — 40 ballgacha;

amaliyotning mamlakat fan va texnologiyalarini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlariga mosligi — 30 ballgacha;

amaliyotdan kutilayotgan natijalarning samaradorligi — 30 ballgacha.

Ajratilgan o‘rinlarga muvofiq talabalar to‘plangan ballar ketma-ketligi asosida tanlab olinadi. Teng ball to‘plagan talabalar ichidan ustuvorlik o‘rtacha o‘zlashtirish ko‘rsatkichi (transkript bo‘yicha) yuqori bo‘lgan talabaga beriladi. Tanlov natijalari Maxsus komissiya bayoni bilan rasmiylashtiriladi.

Tanlovda kimlar ishtirok eta oladi?

Talaba bitiruvchi bosqichda tahsil olayotgan bo‘lishi;

talabaning ta’lim yo‘nalishi (yoki mutaxassisligi) tarmoq korxonasidagi faoliyat yo‘nalishiga mos bo‘lishi;

talaba O‘zbekiston Respublikasining rezidenti bo‘lishi kerak.

Amaliyot qanday tashkil etiladi?

Amaliyotni o‘tash uchun OTM rektori buyrug‘i qabul qilinadi. Majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tish talab qilinadigan ishlarni o‘z ichiga olgan amaliyotni tashkil etishda talabalar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda tegishli tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi. 1 va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun amaliyot o‘tash ularning individual imkoniyatlari va sog‘lig‘ining holatini hisobga olgan holda tashkil etiladi. Amaliyot davomida talabalarga yetarli ko‘nikma va malakalar shakllantirish maqsadida ish joyini (shtat lavozimini) o‘zgartirishga ruxsat etiladi. Amaliyot o‘taydigan talabaning ish vaqti davomiyligi xodimlarning mazkur toifasi uchun belgilangan ish vaqti normasidan ortiqcha belgilanishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Amaliyot davomida talaba OTM tomonidan berilgan amaliyot kundaligini yuritadi. Amaliyot kundaligida kunlik yoki haftalik bajarilgan ishlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar aks ettiriladi. Kundalik tarmoq korxonasidagi mas’ul rahbarning imzosi bilan tasdiqlanadi. Amaliyot o‘tash uchun yuborilgan talaba turar joy bilan talabani yuborgan oliy ta’lim tashkiloti yoki tarmoq korxonasi tomonidan ta’minlanishi mumkin. Amaliyot o‘tash davrida talabaga tarmoq korxonasidagi tegishli mehnatni muhofaza qilish qoidalari va ichki mehnat tartibi qoidalari, shuningdek, amalda bo‘lgan boshqa hujjatlar tatbiq qilinadi.

Amaliyotga kim rahbarlik qiladi?

Talabaga Oliy ta’lim tashkiloti va ishlab chiqarish korxonasi tomonidan biriktirilgan amaliyot rahbari tayinlanadi. Amaliyot rahbari talaba amaliyot o‘tashini nazorat qiladi va zarur hollarda unga amaliy yordam ko‘rsatadi.

Amaliyot o‘tash bo‘yicha mehnat munosabatlari qanday tartibga solinadi?

Talaba bilan ishlab chiqarish amaliyotini tashkil etish to‘g‘risida muddatli mehnat shartnomasi(Mehnat kodeksi 112-modasi) tuziladi. Muddatli mehnat shartnomasi asosida tarmoq korxonasi talaba amaliyotini o‘tashi uchun buyruq qabul qiladi. Amaliyotning birinchi kunida tarmoq korxonasining vakolatli xodimi har bir talabaga mehnat muhofazasi va texnika xavfsizligi masalalari bo‘yicha alohida ko‘rsatmalar berishi shart. Talaba bilan muddatli mehnat shartnomasi mehnat qonunchiligida belgilangan asoslar va tartibga ko‘ra bekor qilinadi. Talabaning amaliyot o‘tashi uchun sinov muddati belgilanmaydi(Mehnat kodeksi 129-moddasi).

Talabalarni ish vaqtidan tashqari ishlarga jalb etishga, shuningdek, ishlanmaydigan bayram va dam olish kunlarida ishlatishga yo‘l qo‘yilmaydi. Talabalarning ish joyi amaliyotning barcha bosqichlarida tarmoq korxonasi xodimlarining ish joylariga qo‘yiladigan talablarga mos kelishi kerak.

Amaliyot o‘tash bo‘yicha haq to‘lash tartibi qanday?

 Maxsus komissiya tomonidan g‘olib talabalarning amaliyoti bo‘yicha xarajatlar Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan oliy ta’lim tashkiloti, tarmoq korxonasi, Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi va amaliyot o‘taydigan talaba o‘rtasida amaliyotni tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha tuzilgan shartnoma asosida yakuniy qaror qabul qilingandan so‘ng 15 ish kuni davomida to‘lab beriladi. Bunda talabaga bazaviy hisoblash miqdorining 2 baravari miqdorida ish haqi va unga hisoblangan ijtimoiy soliq Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tomonidan shartnomaga muvofiq tarmoq korxonasining talabnomasiga ko‘ra uning tegishli hisob raqamiga o‘tkaziladi. Tarmoq korxonasi o‘z mablag‘lari hisobidan amaliyot o‘tayotgan talabani qo‘shimcha ravishda moddiy rag‘batlantirishi mumkin.

Ilhomjon Saidov, Buxoro tuman adliya bo‘limi 

yuridik xizmat ko‘rsatish markazi

Bosh yuriskonsulti, 3-darajali yurist.

Sizning munosabatingiz qanday?

like

dislike

love

funny

angry

sad

wow