Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirligi qonun loyihasida keltirilgan "ikki va undan ortiq talabalarni rasmiylashtirishda xonadonning maydoni har bir talaba uchun 12 (o‘n ikki) metr kvadratdan kam bo‘lmasligi lozim"ligi belgilanayotganiga munosabat bildirdi.

Ijaraga beriladigan 2-3 xonalik uylarning o'rtacha hajmi 45-60 kv.m. deb hisoblasak, bunday xonadonlarga 4-5 nafar talabani rasmiylashtirish mumkin bo'ladi. Qaror loyihasiga bunday band kiritilishiga joylarda ko‘p qavatli uylarning 1 xonali xonadonida 8-10 nafar yoki 0,5 sotix (180 kvadrat metrli) xonadonda 70 nafargacha talaba istiqomat qilish holatlar kuzatilgani sabab bo'lgan.

aprel 29, 2023 - 22:50
 0  11591
Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirligi qonun loyihasida keltirilgan "ikki va undan ortiq talabalarni rasmiylashtirishda xonadonning maydoni har bir talaba uchun 12 (o‘n ikki) metr kvadratdan kam bo‘lmasligi lozim"ligi belgilanayotganiga munosabat bildirdi.

Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot xizmatining yozishicha: "O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 28-fevraldagi PF–27-son Farmoni bilan tasdiqlangan 2022–2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturining 16.2-bandida belgilangan talabalarni yotoqxonaga onlayn joylashish imkoniyatlarini beruvchi, Davlat xizmatlari markazi va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ko‘rsatiladigan bepul elektron xizmatni joriy etish maqsadida Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan “Oliy taʼlim muassasalarilari talabalarini turar-joy bilan taʼminlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Vazirlar Mahkamasining qarori loyihasi ishlab chiqildi.

Shuningdek, mazkur qaror loyihasining ikkinchi bandida “ijara shartnomasida ikki va undan ortiq talabalarni rasmiylashtirishda xonadonning maydoni har bir talaba uchun 12 (o‘n ikki) metr kvadratdan kam bo‘lmasligi lozim” normasi kiritilishi ijtimoiy tarmoqlar orqali muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.

Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi ushbu normaning kiritilishini quyidagicha izohlaydi:

Birinchidan, “O‘zbekiston Respublikasining uy-joy kodeksi”ning 42-moddasida, uy-joy maydonining ijtimoiy normasi munitsipal, idoraviy uy-joy fondi va aniq maqsadli kommunal uy-joy fondidan turar joylar fuqarolarga uy-joy maydonining ijtimoiy normasiga muvofiq berilishi hamda uy-joy maydonining ijtimoiy normasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan bir kishi hisobiga o‘n olti kvadrat metrdan kam bo‘lmagan umumiy maydon hajmida belgilanishi ko‘rsatib o‘tilgan.

Shuningdek, ushbu meʼyorlar Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 26-fevraldagi 170-son qarori bilan ham tasdiqlangan.

Ikkinchidan, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan va tasdiqlangan “O‘zbekiston iqlim sharoitida turar-joy binolarini loyihalash, qurish, texnik xizmat ko‘rsatishda sanitariya normalari va qoidalari”ning 5.1.1.-bandida, Turar-joy binolarini loyihalashda binolarning turi va rejalashtirish tuzilishi o‘ziga xos iqlim va ijtimoiy sharoitlarga, aholining demografik tarkibiga (har bir oila aʼzosi uchun kamida 12 m2 xona) maksimal darajada javob berishi va noqulay ob-havo sharoitlarining davomiyligini hisobga olishi kerakligi ko‘rsatib o‘tilgan.

Uchinchidan, o‘rganish natijalari shuni ko‘rsatmoqdaki, aksariyat ijara xonadonlarida istiqomat qilayotgan talabalar soni sanitariya normalariga to‘g‘ri kelmaydi. Masalan, joylarda ko‘p qavatli uylarning 1 xonali xonadonida 8-10 nafar yoki 0,5 sotix (180 kvadrat metrli) xonadonda 70 nafargacha talaba istiqomat qilayotgan holatlar kuzatilgan.

To‘rtinchidan, maqolada keltirilgan 6-7 metr kvadrat norma talabalar turar joylari va oilaviy yotoqxonalar uchun belgilanganligiga eʼtibor berish kerak. Shuningdek, talabalar turar joyi uchun to‘lov miqdori bilan ijara puli to‘lovi miqdori o‘rtasidagi farqning katta ekanligi, shunga munosib ravishda ijara narxga mutanosib tarzda talabalar uchun yetarli (komfort) sharoit yaratilishi ko‘zla tutilgan.

Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan Qaror loyihasidagi “12 metr kvadrat” normasi yuqoridagi amalda bo‘lgan Qonun hujjatlari hamda talabalar uchun lozim bo‘lgan sharoitlardan kelib chiqib kiritilgan.

Taʼkidlash joizki, mazkur qaror loyihasi talabalarni yotoqxonaga onlayn joylashish imkoniyatlarini yaratish orqali jarayonni ochiq va shaffofligini taʼminlash maqsadida ishlab chiqilgan.

Aslida 1 ta talaba uchun mo‘ljallangan hudud hajmining katta bo‘lishi (yoki aniq belgilab qo‘yilishi) shu xonadonda yashayotgan talabalarning manfaatlariga va ijara uchun to‘layotgan pullariga mos keladi.

Shu o‘rinda, jamoatchilik vakillari hamda ijtimoiy tarmoq faollarini ushbu qaror loyihasiga befarq bo‘lmaganliklari uchun minnatdorlik bildirib, barcha taklif va mulohazalarini “regulation.gov.uz” normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida qoldirishlari so‘raladi.

Albatta, ushbu qaror loyihasi yuzasidan bildiriladigan takliflarning har biri puxta o‘rganilib, loyihada inobatga olinishini maʼlum qilamiz." - deyiladi munosabatda.

Taklif qoldirish: https://regulation.gov.uz/uz/d/79031?c_i=63876

Sizning munosabatingiz qanday?

like

dislike

love

funny

angry

sad

wow