Davlat, nodavlat va xorijiy OTMlarning talabalari uchun Prezident va nomli davlat stipendiyalarini moliyalashtirish tartibi tasdiqlandi
Hukumat qarori (2023.02.05. №181) bilan Davlat OTMlarining qoʻshma taʼlim dasturlari asosida tahsil olayotgan hamda respublikada faoliyat yuritayotgan xorijiy OTMlarining filiallari va nodavlat OTMlarining bakalavriat bosqichi talabalari uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va nomli davlat stipendiyalarini moliyalashtirish tartibi toʻgʻrisidagi Nizom tasdiqlandi.
Unga koʻra:
oliygohlar – har yili 15-oktyabrga qadar joriy oʻquv yili uchun stipendiya oluvchi talabalar soni hamda ularga toʻlanadigan stipendiya miqdorini hisoblaydi va byudjetdan zarur mablagʻlar ajratilishi yuzasidan Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligiga soʻrovnoma kiritadi;
Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi – har yili 1-noyabrga qadar tashkilot tomonidan taqdim etilgan soʻrovnomalarga asosan joriy oʻquv yili uchun stipendiya toʻlovlariga sarflanadigan mablagʻlarni toʻliq hajmda ularning hisobvaragʻiga oʻtkazib beradi.
Davlat oliy taʼlim muassasalarining qoʻshma taʼlim dasturlari asosida tahsil olayotgan bakalavriat bosqichi talabalari uchun stipendiya mablagʻlari ushbu muassasalarning byudjet xarajatlar smetasida nazarda tutiladi.
Ma’lumot uchun, OTMlarning bakalavriat bosqichi talabalari uchun Prezident stipendiyalari davlat, nodavlat va xorijiy OTMlarning, shu jumladan, qoʻshma taʼlim dasturlarida butun oʻqishi davomida faqat aʼlo baholarga oʻqiyotgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlgan oxirgi kurs talabalariga tayinlanadi va toʻlanadi.
Prezident stipendiyalari har bir oliy taʼlim muassasasining bakalavriat bosqichidagi bir nafar bitiruvchi kurs talabasiga tayinlanadi va toʻlanadi.
Sizning munosabatingiz qanday?