Abituriyentlarga roʻyxatdan oʻtishda uchtagacha akademik litseyning taʼlim tili bir xil boʻlgan bittadan mos yoʻnalishini tanlash imkoniyati beriladi – qaror loyihasi
Shuningdek litseylarga hujjat topshirish 1-iyundan 30-iyungacha davom etadi. Shu kunga qadar litseylarga hujjat topshirish 20-iyundan boshlanib, qabul komissiyasi belgilagan vaqtga qadar davom etar edi.
Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga “Akademik litseylarga oʻquvchilarni oʻqishga qabul qilish, oʻqishini koʻchirish, qayta tiklash va oʻqishdan chetlatish tartibini takomillashtirish haqida”gi Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi muhokamaga qoʻyildi.
Unga koʻra:
- abituriyentlarga roʻyxatdan oʻtishda uchtagacha akademik litseyning taʼlim tili bir xil boʻlgan bittadan mos yoʻnalishini tanlash imkoniyati beriladi;
- abituriyent oʻzi tanlagan hududda (Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar markazi yoki Toshkent shahrida) tashkil etiladigan kirish test sinovlarida ishtirok etadi.
- Bundan tashqari, akademik litseylarga oʻqishga qabul qilishda xalqaro va respublika fan olimpiadalari gʻoliblari, xorijiy til sertifikati mavjud abituriyentlarga imtiyozlar beriladi.
Shuningdek, qaror bilan tasdiqlanishi nazarda tutilgan nizomga ko‘ra:
- akademik litseylarga umumiy oʻrta taʼlim maktablarining 9-sinf bitiruvchilarini tanlab olish, oʻqishga qabul qilish tartibi;
- akademik litseylarda maslahat kengashlari faoliyatini tashkil etish, hujjatlarni qabul qilish, imtihonlarni oʻtkazish, rasmiylashtirish va natijalarni eʼlon qilish tartibi;
- fan olimpiadalari, tanlovlar gʻoliblari va umumtaʼlim fanlarini oʻzlashtirish sertifikatiga ega boʻlganlar uchun imtiyozlarni qoʻllash;
- akademik litsey oʻquvchilarining oʻqishini koʻchirish, qayta tiklash va oʻqishdan chetlatish tartibi belgilanadi.
Sizning munosabatingiz qanday?