Adliya vazirligi: ta’lim muassasalarining barcha talabalardan “aylanma varaqa”(obxodnoy)ni qog‘oz shaklda to‘ldirib kelishni talab qilishi qonunchilikka zid
Adliya vazirligi aholidan asossiz va ortiqcha hujjat talab qilinishi yoki ularning ovoragarchiligiga yo‘l qo‘yilishi mansabdor shaxslar uchun javobgarlikni keltirib chiqarishi to‘g‘risida ogohlantiradi.
Xabaringiz bor mamlakatimizda aholiga qulaylik yaratish, ularni rozi qilish, zamonaviy boshqaruv uslublarini amaliyotga joriy etish, byurokratiyani bartaraf etish, zamon talablariga mos kelmaydigan tartiblarni qisqartirishga qaratilgan izchil islohotlar amalga oshirib kelinmoqda.
Jumladan, 2020-2021 yillarda byurokratiya va qog‘ozbozlikni qisqartirish maqsadida aholi va tadbirkorlardan 73 turdagi hujjat va ma’lumotnomalarni talab qilish bekor qilindi, zaruratga ko‘ra ushbu hujjat va ma’lumotlarni davlat organlari tomonidan “Elektron hukumat” tizimi idoralararo integrasiyalashuv platformasidan foydalangan holda olish amaliyoti joriy etildi.
Birgina mazkur 73 ta hujjatlarni aholidan talab qilinishi bekor qilinishi natijasida yiligi 15 mln.dan ortiq aholini turli idoralarga borish va kutish bilan bog‘liq ovoragarchiligiga chek qo‘yildi. Ularning ushbu idoralarga borish-kelish bilan bog‘liq 200 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘lari tejalishiga erishildi.
Aholimizga qulaylik yaratish, ularning sarson bo‘lib yurishini oldini olish maqsadida Prezidentimiz tashabbuslari bilan muhim hujjatlar qabul qilinmoqda.
Shubhasiz O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “byurokratiyani tomiriga bolta urgan” muhim hujjatlar biri bu 2021-yil 23-martda qabul qilingan “Aholi va tadbirkorlik sub’yektlariga davlat xizmatlaridan foydalanishda yanada qulay sharoitlar yaratish, bu borada byurokratik to‘siqlarni qisqartirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF–6191-son Farmonidir.
Farmoni bilan tasdiqlangan Ayrim turdagi davlat xizmatlarini ko‘rsatish tartib-taomillarini soddalashtirish va optimallashtirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ning 9-bandida Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligiga, Xalq ta’limi vazirligiga hamda tizimida ta’lim muassasalari mavjud vazirlik va idoralarga 2021 yil may oyiga qadar ta’lim muassasalarini tugatganda yoki o‘qishni bir ta’lim muassasasidan boshqasiga ko‘chirganda aylanma varaqani to‘ldirish amaliyotini bekor qilish, bunda, vazirlik va idoralarning ichki hujjatlarini muvofiqlashtirish, ta’lim muassasalari tomonidan o‘quvchi-talabalar ta’lim muassasasini tugatganda yoki ko‘chirganda ta’lim muassasasi ichida turli majburiyatlar bajarilganligi to‘g‘risidagi hujjatlarni (to‘lov shartnomasi bo‘yicha majburiyat bajarilganligi, axborot resurs markazidan qarzi yo‘qligi, o‘quv bo‘limidan akademik qarzdor emasligi, talabalar turar joyidan qarzdor emasligi kabilar) ichki idoralararo elektron hamkorlik yoki o‘zaro axborot almashinuvi yo‘li bilan olish evaziga o‘quvchi-talabalardan talab qilishni bekor qilish bo‘yicha kompleks tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish yuklatilgan.
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan 2021-yil 28-aprelda Adliya vazirligiga taqdim etgan 84-01-505-son xatida Farmonda yuklatilgan mazkur vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining 2021-yil 31-maydagi 241-son buyrug‘i qabul qilinganligi, buyruq bilan barcha davlat oliy ta’lim muassasalarida 2020/2021 o‘quv yilidan boshlab talabalar ta’lim muassasasini tugutganda yoki o‘qishini ko‘chirganda ta’lim muassasasi ichida turli majburiyatlar bajarilganligi to‘g‘risidagi ayilanma varaqani to‘ldirish amaliyoti bekor qilinganligi va zaruratga ko‘ra Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining “HEMIS” axborot tizimida tashkil etilgan “aylanma varaqa”moduli asosida elektron shaklda amalga oshirish yo‘lga qo‘yilganligi ma’lum qilingan.
Adliya vazirligi barcha oliy ta’lim muassasalarini hamda tizimida ta’lim muassasalari mavjud bo‘lgan vazirlik va idoralar rahbarlarini aholini ovora qilmaslikka, ulardan qonunchilik hujjatlarida belgilanmagan hujjatlarni, shu jumladan “aylanma varaqa”ni qog‘oz shaklda to‘ldirishnitalab qilmaslikka, Farmonda belgilangan talablar ijrosini so‘zsiz ta’minlashga chaqiradi. Shuningdek, aholidan asossiz va ortiqcha hujjat talab qilinishi yoki ularning ovoragarchiligiga yo‘l qo‘yilishi mansabdor shaxslar uchun javobgarlikni keltirib chiqarishi to‘g‘risida ogohlantiradi.
Adliya vazirligi,
Jamoatchilik bilan
aloqalar bo‘limi
Sizning munosabatingiz qanday?